Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning Magnum riteyleri O‘zbekistondagi supermarketlar tarmog‘ini qisqartirayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekistonda keng ko‘lamli kengayish rejalari e’lon qilinganiga qaramay, so‘nggi ikki yil ichida Qozog‘istonning Magnum tarmog‘ining O‘zbekiston chakana savdo bozoridagi amaliy rivojlanishi amalga oshmayotganini ko‘rsatmoqda.
EastFruit tahlilchilarining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi Magnum tarmog‘i 2025-yil iyuniga kelib dastlab e’lon qilingan 17 tagacha kengayish o‘rniga atigi uchta do‘kongacha qisqargan.
2021-yil yanvarida Qozog‘istonning yirik chakana savdo tarmog‘i hisoblangan Magnum Cash&Carry O‘zbekiston bozorida ish boshlashini e’lon qildi.
Kompaniya direktori Azamat Osmanov Toshkentda oltitagacha do‘kon ochishni rejalashtirilganini, ular asosan gipermarket shaklida bo‘lishini aytib o‘tgandi.
Shu yilning dekabr oyida Magnum O‘zbekiston bozoriga kirib, Toshkentda ketma-ket ikkita gipermarket ochdi, 2023-yil avgust oyida Fransiyaning Carrefour tarmog‘ining O‘zbekistondagi do‘konlarini boshqargan Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan biznesini sotib olish orqali o‘z ishtirokini kengaytirdi.
Dastlab kuchli kengayishni rejalashtirgan Carrefour tarmog‘i ham O‘zbekistondan chiqib ketishga qaror qildi va fransuz brendining do‘konlari qisqa tanaffusdan so‘ng Magnum belgisi ostida ochildi. O‘zbekiston poytaxtidagi ikkita do‘konga keyinchalik yana beshta do‘kon qo‘shildi.
2023-yil noyabr oyida Magnum tarmog‘i vakillari 2024-yilda yana 10 ta do‘kon ochishni rejalashtirayotganini va ularning umumiy sonini 17 taga yetkazishini e’lon qildi.
Biroq, 2024-yilning boshi tendensiyalarning birinchi o‘zgarishi bilan ajralib turdi va 23-fevral kuni Magnum Qoratosh filiali yopildi. 2024-yil oxirigacha O‘zbekistonda Magnum tarmog‘ining yangi do‘konlari ochilmadi.
Bundan tashqari, 2025-yil may oyida yana ikkita savdo nuqtasi — Magnum Yunusobod va Magnum Atlas Chilonzorning yopilishi haqida xabar tarqaldi. Rasman ularning boshqa manzilga “ko‘chirilishi” aytilgan bo‘lsa-da, aslida bu yerda xuddi shu tarmoqqa tegishli do‘kon 2021-yildan beri faoliyat yuritayotgan edi. Shu sababli, bu amalda ikkita do‘konning butunlay yopilishini anglatardi.
Oradan bir oy o‘tib, 2025-yil 16-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarmoqning yana bir do‘koni — Magnum Samarqand Darvoza yopilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.
Bundan tashqari, Uzbek Retail Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoqning qolgan do‘konlarida assortimentning keskin qisqarishi kuzatilmoqda, bu ko‘pincha ularning yopilishidan oldin sodir bo‘ladi.
Biroq, hozirgi kunga qadar Magnum tarmog‘i vakillari tomonidan bu borada rasmiy e’lonlar yoki bayonotlar berilmagan. Shunday qilib, 2025-yil 17-iyun holatiga ko‘ra, tarmoq Toshkentda joylashgan uchta joyda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Ta’kidlanishicha, bu vaqtinchalik optimallashtirish, strategiyani o‘zgartirish yoki O‘zbekiston bozoridan to‘liq chiqish ekanligi hozircha noma’lum. Biroq, kompaniya 2023-yilda e’lon qilingan O‘zbekiston bozorida faol kengayish strategiyasidan voz kechgan.
Avvalroq Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov O‘zbekiston bozoriga kirgan Fransiyaning Carrefour va Qozog‘istonning Magnum riteyllari kompaniyani “sindirmagani"ni, bunga kengayish hisobiga unumdorlikni oshirish ustida doimiy ishlash sabab bo‘lganini qayd etdi.