Qozog‘istonning “Magnum” riteyleri O‘zbekistondagi bitta do‘konini yopdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Toshkent shahrining, Shayxontohur tumanidagi Qoratosh 11A manzilida joylashgan supermarket faoliyati yakunlandi.

2023-yilning avgustida “Magnum” Toshkentdagi uchta “Carrefour” brendi gipermarketini boshqargan “Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan” kompaniyasi aksiyalarini sotib olishga rozi bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasi 210,6 mlrd so‘mlik shartnomani sentabr oyida ma’qulladi.

Unga ko‘ra, barcha “Carrefour” do‘konlari “Magnum” brendi ostida qayta ochildi. Xodimlar Qozog‘iston shirkatining sho‘ba korxonasiga ham ishga borishdi.

Noyabr oyida kompaniyaning logistika bo‘yicha direktori Mixail Filippov 2024-yilda O‘zbekistonda yana 10ta do‘kon ochilishini ma’lum qildi.

Mamlakatdagi birinchi “Magnum” gipermarketi 2021-yilning dekabrida ochilgan. Keyin kompaniya ikkinchisini ishga tushirdi va 2022-yilning kuzida yana ikkitasini ochish rejalarini e’lon qildi.