“Magnum Cash & Carry” “Carrefour” (“Majid Al Futtaim Hypermarkets Uzbekistan”)ning 100% aksiyalarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda “Spot"ga Qozog‘iston riteyleri matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda ushbu brend ostida uchta supermarket faoliyat yuritadi. “Magnum” bitim yopilgandan va barcha me’yoriy hujjatlar bajarilgandan so‘ng “Majid Al Futtaim” faoliyatini to‘liq nazorat qilishni o‘z zimmasiga oladi.

Barcha “Carrefour” do‘konlari qisqa muddatga yopiladi va “Magnum” brendi ostida qayta ochiladi. Qozog‘iston tarmog‘iga o‘xshash assortiment va takliflar mijozlarga taqdim etiladi.

Fransuz brendining gipermarketlari xodimlari “Magnum"ga o‘tadi. Ikkala kompaniya ham xodimlar, yetkazib beruvchilar va boshqa manfaatdor tomonlar uchun muammosiz o‘tishni ta’minlash va mijozlar uchun noqulayliklarni kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Magnum — Qozog‘istonning yetakchi ko‘p formatli oziq-ovqat chakana savdo tarmog‘i bo‘lib, 234 do‘kon va 13 000 dan ortiq xodimlarga ega.

2021-yilda u O‘zbekistonda o‘zining birinchi gipermarketini ochdi, keyin ikkinchisini ishga tushirdi, 2022-yil kuzida esa yana ikkita gipermarket ochish rejasini e’lon qildi.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “SLAVA” brendi O‘zbekistonda do‘kon ochmoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniya rossiyalik dizaynerlar mahsulotlarini Osiyo bozorlariga chiqarishga tayyorlanmoqda.