Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni Parkent tumanidagi Kumushkon mahallasida bo‘lib, sayyohlik salohiyati va mehmon uylarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Kumushkondagi 80 dan ortiq xonadonda mehmonxona tashkil etilgan, yiliga 172 ming nafar sayyoh tashrif buyuradi. Toshkent viloyatida mehmon uylari soni mingga yaqin, ularda 2 500 ta ish o‘rni yaratilgan.

Shunday tadbirkorlardan biri Olim Yusubov soy bo‘yidagi hovlisida 48 o‘rinli mehmon uyi ochgan, unda yiliga 2 mingdan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatiladi.

Prezident bu yerdagi obodlik va omilkorlikni ko‘rib, shunday loyihalarni boshqa so‘lim maskanlarda ham tashkil etish kerakligini ta’kidladi.

Davlat rahbari tadbirkorlarga zarur mablag‘ ajratib, qo‘shimcha xizmatlar tashkil etishiga ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi. Mahallalarda ichki imkoniyatlarni yuzaga chiqarish aholini band qilishda katta manba ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanidagi intensiv bog‘da sarxil mevalar hosilini ko‘zdan kechirdi. Meridian Tempo korxonasiga qarashli 54 gektar bog‘da gilos, olma, nok va malinaning eksportbop navlari ekilgan. Ko‘chatlar Fransiya va Ispaniyadan keltirilgan. Daraxtlar o‘zini o‘zi changlatish xususiyatiga ega.

Agrotexnologik tizimlar orqali bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Avval suv maxsus havzada to‘planadi va tabiiy nishablik orqali sug‘oriladi. Bunga energiya sarflanmay, natijada xarajat va mahsulot tannarxi kamayadi. Bog‘da quyosh panellari o‘rnatilgan.

Pishib yetilgan mevalar eksportga yo‘naltirilmoqda. Bu yil 256 tonna gilos, 500 tonna olma, 480 tonna nok, 30 tonna malina yetishtirishi mo‘ljallangan. Bundan keladigan daromad boshqa an’anaviy o‘simliklarga nisbatan bir necha barobar yuqori bo‘lishi qayd etildi.

Davlat rahbari mutasaddilarga bu usulni ommalashtirish, mevalarni parvarishlash va qadoqlash bo‘yicha chet el tajribasini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq prerzident Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini tezlashtirishni topshirgani haqida xabar berilgandi.