Smart Bank aksiyadorlari kredit muassasasining rebrendingini ma’qulladi, bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Aksiyadorlarning 100% kvorum bilan 17-iyun kuni o‘tkazilgan yillik yig‘ilishida bu bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bankning yangi nomi sifatida ta’sischilar bir ovozdan Open Bank nomini tasdiqladilar.
Bank sayti o‘z domen nomini openbank.uz ga o‘zgartiradi. Bank boshqaruvi va uning raisi Azamat To‘rayevga bank hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish topshirildi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Smart Bankning asosiy aksiyadori Future Open Technology Group kompaniyasi bo‘lib, uning ulushi 85,1% ni tashkil etadi. Yana 10%i Komilxo‘ja Sultonov va 4,9%i Zafar Adilovga tegishli.
O‘z navbatida, Future Open Technology Group 2019-yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan.
Kompaniya kompyuter dasturlash sohasida faoliyat yuritadi hamda 2023-yildan buyon IT Park rezidenti hisoblanadi. Ustav kapitali — 150,094 mlrd so‘m. Kompaniya ta’sischilari sifatida “aksiyadorlar” ko‘rsatilgan.
Markaziy bank Smart Bank’ga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani 2022-yilning dekabr oyida bergan. U Turkiston Bank va Hi-Tech Bank litsenziyalari bekor qilinganidan keyin O‘zbekistonda ochilgan birinchi bank bo‘ldi.
Avvalroq Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyotga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgani haqida xabar berilgandi.