Raqobat qo‘mitasi tomonidan axborot resurslari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan reklamalarning qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan tizimli o‘rganish va tahlil ishlari olib borilmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yuz minglab kuzatuvchilarga ega bloger va vaynerlar o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilayotgani aniqlandi.
Xususan, blogerlar Jasurbek Shodiyev (jasjannew), Dadabek Normamatov (allme. uz), Sherxon Rahmatov (sherxon.zdss) hamda Xojiakbar Xasanboyev (hojiakbar_ku) o‘z sahifalarida bukmekerlik tovar belgisidan foydalanib, qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari aks etgan video-roliklar joylashtirgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan blogerlar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.
Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida"gi qonun bilan mamlakat hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanishini eslatdi. Shu mazmundagi reklamalar tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Raqobat qo‘mitasi 2024-yil va 2025-yilning to‘rt oyida 185 ta holatda totalizatorlik va bukmekerlik idoralari faoliyatiga oid reklamalarda kamchiliklarni aniqlagandi.
O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati
2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.
ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.
ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.
Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.
Joriy yilning aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda lotereya va bukmekerlik litsenziya asosida amalga oshiriladigan faoliyatlar qatoriga kiritildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgani haqida xabar berilgandi.