Xitoyning Eksport-import banki O‘zbekistonga telekommunikatsiyalarni rivojlantirishga qarz mablag‘i ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

21-iyun kuni vazir Laziz Kudratov Xitoy Eksimbanki boshqaruvi raisi Chen Xuayyuy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda amaldagi kelishuvlar ijrosi va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari, jumladan, gidroenergetika obyektlari qurilishi, qishloq xo‘jaligi sohasining barqaror rivojlanishiga va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xizmat qiluvchi loyihalar muhokama qilindi.

2002-yildan buyon Xitoy Eksimbanki bilan hamkorlikda umumiy qiymati $3,2 mlrdga teng bo‘lgan 51 ta loyiha amalga oshirildi. Ular zamonaviy infratuzilma qurilishi, “yashil” energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarni qamrab olgan. Ayni paytda $1,9 mlrd qiymatidagi 2 loyiha amalga oshirilmoqda, $2,2 mlrd miqdoridagi 13 loyiha esa ko‘rib chiqilmoqda.

Tomonlar telekommunikatsiya sohasida $500 mlnga teng miqdorda qarz shartnomasi imzolandi.

ISSV rahbari Laziz Kudratov loyiha tezkor va samarali amalga oshirilishining muhimligini ta’kidlab, IT-sohasidagi loyihalarni Eksimbank tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ijobiy natijalar berishiga ishonch bildirdi.

Bundan tashqari, 20-iyun kuni transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov Xitoy Eksimbanki boshqaruv raisi Chen Xuayyuy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Unda bank moliyaviy ko‘magida mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirish, harakat tarkiblarini yangilash borasida amalga oshirilayotgan va keyingi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘llari, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi tashish temir yo‘lini qurish loyihalari hamda Toshkent shahri va hududlarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida zamonaviy avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘zsanoatqurilishbank va Xitoy Eksimbanki o‘rtasida 200 ta elektrobus sotib olish bo‘yicha qarz shartnomasini kelishish va imzolashni tezlashtirish masalasini, shuningdek, qo‘shimcha 1000 ta avtobus sotib olish loyihasini muhokama qildilar.

Aprel oyida Xitoy Eksimbanki Toshkent uchun 200 ta elektrobus sotib olishni moliyalashtirishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Shuningdek, tomonlar Nukus va viloyat markazlari uchun 1000 ta metan avtobusni tezkor yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.