Prezident topshirig‘i bilan Savdo-sanoat palatasida maxsus shtab tashkil etildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur shtab Eron va Turkiya yo‘nalishlarida yuk tashish, eksport-import va boshqa tashqi savdo masalalari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan masalalarni tezkor hal etishga qaratilgan.
Milliy tashuvchi hamda tadbirkorlar yuqoridagi transport yo‘nalishi bo‘yicha muammolari mavjud bo‘lsa, +998 90 961 09 04 va +998 78 150 60 06 telefon raqamlari hamda @TashmatovB Telegram-manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.
23-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev tashqi savdo va transport-logistika sohalarida kechiktirib bo‘lmaydigan choralar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, Yaqin Sharqdagi notinch vaziyatda eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni boshqa xavfsiz portlarga ko‘chirish zarurligini ta’kidlagandi.
Mutasaddilarga hamkor davlatlar bilan muqobil yo‘llarni kelishish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash topshirildi. Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa daxldor idoralar rahbarlariga tadbirkorlar bilan yaqindan ishlab, eksport-import amaliyotlariga ko‘maklashish, mahsulotlariga qo‘shimcha bozorlar topish vazifasi qo‘yildi.
Undan keyin Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ) hamda boshqa daxldor idoralar vakillaridan iborat “tezkor shtab” ish boshladi.
Tezkor shtab xalqaro maydonda vaziyatning jadal o‘zgarishi va ortib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida eksport va import yuklari tashuvlari uzluksizligini ta’minlash, milliy tashuvchilar hamda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan.
Xalqaro tashuvlar masalalari bo‘yicha murojaat va takliflarini qabul qilish uchun Transport vazirligining 1167 qisqa raqamli ishonch telefoni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Shuningdek, Telegram-bot orqali ham murojaatlarni yo‘llash mumkin.
Avvalroq Transport vazirligi Xitoyning Eksimbanki bilan pulli yo‘llar qurilishi va elektrobuslar xaridini moliyalashtirishni muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.