Spot tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettiradi.

Bu safargi materialda Iman kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Rustam Rahmatov bilan suhbatlashdik.

U ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:


Ish stolida nimalar bor?

Ish stolimdan boshlaydigan bo‘lsak, undan nafaqat men balki, direktorlar kengashidagi boshqa rahbarlar ham foydalanadi. Bu yerda kitoblar, qalam, ruchka va boshqa ofis jihozlari mavjud.

Doim javonimda turib, qandaydir qiyin savolga duch kelsam, javobini topadigan kitobim bu Qur’on. Arab tilini yaxshi bilmaganim bois rus tiliga tarjima qilinganini mutolaa qilaman. Ish stolimdan yana ikkita kitob ham o‘rin olgan.

Birinchisi, Ahmadquli Holimuhammad o‘g‘li qalamiga mansub “Haqiqiy omad kaliti yoxud savdogarlar ustozi” kitobi: uni bir qadrdon do‘stim yaqinda bergandi. Har kuni shu kitobni o‘qishga harakat qilaman, amaliy bilimlarga asoslangan kitob. Ikkinchisi, Uilki Kollinzning “Oy toshi” kitobi bo‘lib, faoliyatim davomida nafaqat kasbiy balki badiiy adabiyot bilan bog‘liq kitob o‘qishga intilaman. Bu foydali defokus, ish tomondan lug‘at boyligimni oshishiga xizmat qiladi.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Shuningdek, vaqtimni foydali defokus qilish o‘zim bilan tasbeh olib yuraman. Ko‘plab mitinglar, yig‘ilishlarda u mening doimiy sherigim bo‘ladi. Yana bir kerakli ish qurolim bu taqdimotlarni masofadan boshqarish uchun kompyuter sichqonchasi: juda qulay texnika.

Yaqinda 21 km masofaga yugurib, medalni qo‘lga kiritdim bu men uchun katta marafon bo‘ldi. Keyingi marafonlarda to‘liq yugurishni niyat qilib, o‘zimga eslatma bo‘lishi uchun uni stolim ustiga qo‘yganman.

Ko‘zoynaklar. Ulardan menda bir nechta, bittasi stolim ustida turadi. Ko‘z nurim “-1” bo‘lgani uchun ulardan ko‘p foydalanaman. Shuningdek, har xil tashrif qog‘ozlari, allergiyaga qarshi dori hamda kompyuter uchun maxsus qalamlar o‘rin olgan.

Ish stolimdan ikki muhim narsa o‘rin olgan. Birinchisi, 2021-yilda Murod Nazarov bilan tanishib qolishimga sababchi bo‘lgan “Tahsin” mukofoti. Ikkinchisi, xat. Odatda mijozlar bilan doim muloqotda bo‘lamiz, yig‘ilishlarning birida ulardan biri xat yozib bergandi. Bu meni tetiklantirgan va uni chiqarib stolim ustiga qo‘ydim: bu vazifamizni eslatib turadi.

Ryukzakda nima bor?

Ryukzakka o‘tadigan bo‘lsak, albatta birinchi o‘rinda sevimli kompyuterim. Uni 3,4 yildan beri ishlataman “jarohat” olishga ham ulgurgan — “jangovar” kompyuter, desa ham bo‘ladi. Quvvatlagichi ham doim yonimda yuradi.

Undan tashqari yon daftarcham bor, undan asosiy mitinglardagi ma’lumotlardan qayd etish uchun foydalanaman. Bir qismida asosiy qaydlarni yozsam, tepa qismiga mind map'ni chizishga harakat qilaman — qolgan hamkasblarimga uni osonroq tushuntirish maqsadida bu usuldan foydalanaman.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Doimiy yonimda olib yuradigan narsalardan yana biri katmonim — unda kartalar, kerakli hujjatlar joy olgan. Ko‘p safarlarda, mitinglarda bo‘lganim uchun tashrif qog‘ozlarini o‘zim bilan olib yuraman. Shuningdek, mashina kaliti o‘zim bilan bo‘ladi. Ko‘p hollarda o‘zidan nur chiqaradigan texnika, chiroqlar atrofida ko‘p bo‘laman. Undan himoyalanish uchun “tomchi dorilar"ni o‘zim bilan olib yuraman: kuniga 1,2 marta undan foydalanaman.

Yana bir noodatiy narsalardan biri lazerli fonar. To‘g‘risini aytganda, nurga doim yaqinroq bo‘lib, uning texnologiyasini o‘rganishga harakat qilaman. Bu lazer ko‘rsatkichdan mitinglarda point out qilishda foydalanaman va barcha narsalarga “lazerli fokus"bilan yondashishga harakat qilaman.

Shuningdek, quloqchinlarim ham bor, lekin ulardan ko‘p foydalanmayman.

Yana bir so‘ngi, noodatiy narsa o‘zim bilan paypoqlar olib yurishim. Investorlar, bankir, konsultantlarda bir sir bor — ko‘p ishlab charchoq his qilinsa, paypoqlar almashtiriladi. Shundan so‘ng 3−4 soat o‘zingizni yana tetik his qilasiz. Bundan ko‘p foydalanmayman, lekin olib yuraman.