O‘zbekiston jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHDS) bo‘yicha progressiv shkalaga o‘tishi zarur. Hozirda bu soliq stavkasi 12% miqdorida belgilangan. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) xabarida ma’lum qilingan.

Tashkilot O‘zbekistonga soliq bazasini kengaytirish va soliq tushumlarining YaIMga nisbatini kamaytirish tendensiyasini ortga qaytarishni tavsiya qildi.

“2025-yilgi budjet umuman olganda soliq imtiyozlarini kengaytiradi va mavjudlarini uzaytiradi. Bu esa soliq bazasining o‘sishini sekinlashtiradi hamda soliq tushumlarining YaIMga mutanosib ravishda o‘sish imkoniyatini cheklaydi”, deya ta’kidlanadi hisobotda.

XVJ hukumatga kelgusi uch yil mobaynida daromadlarni oshirishning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqishni va soliq tizimini yanada adolatliroq qilishni maslahat berdi. Xususan, bu 2020-yildan boshlab yalpi ichki mahsulotning 2%lik nuqtasi yo‘qotilishini qoplashga ko‘maklashadi.

XVJning texnik yordam bo‘yicha tavsiyalarida quyidagi takliflar mavjud:

  • investitsiya imtiyozlarini qisqartirish;
  • daromadlarga asoslangan soliq imtiyozlari va foyda solig‘idan ozod qilishni qayta ko‘rib chiqish;
  • bojxona bojlari bo‘yicha samarasiz imtiyozlarni bekor qilish va yangi yengilliklar berishni to‘xtatish.

“Soliq tizimini yanada adolatli qilish uchun daromad solig‘ining joriy tekis stavkasini progressiv stavkaga almashtirish kerak”, — deya xulosa qildi XVJ.

2024-yil may oyida Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov O‘zbekistonda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (JSHDS) progressiv shkalaga qaytarish mumkinligini bildirdi.

U soliqqa tortishning tekis shkalasidan voz kechish uchun “mustahkam soliq tizimini shakllantirish” zarurligini ta’kidladi va aksariyat xorijiy mamlakatlarda progressiv tizim qo‘llanilayotganini qayd etdi.

O‘shanda Soliq qo‘mitasi Spot so‘roviga javoban Timur Ismoilov shaxsiy fikrini bildirganini ma’lum qilgandi. JSHDSni soliqqa tortishning progressiv shkalasiga o‘tish hozircha Soliq qo‘mitasining rejalariga kiritilmagan.


Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonga minimal pensiya yoshini oshirishni tavsiya qilgani haqida yozgandi.