Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonda almashuv kursining moslashuvchanligini oshirishni tavsiya qildi. Bu haqda xalqaro moliya tashkiloti press-relizida aytiladi.
XVJning fikricha, bu tashqi shoklardan himoyalanishni ta’minlashga, kompaniyalarni valyuta xatarlarini xedjirlashga undashga, pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytirishga va kursning doimiy pasayishini kutishdan qochishga yordam beradi.
Tashkilot Markaziy bankni valyuta almashuv kursining keng doirada tebranishiga asta-sekin ruxsat berishga chaqirdi.
Shuningdek, Markaziy bankning valyuta intervensiyalarini quyidagi holatlar bilan cheklash taklif etildi:
- neytrallik tamoyiliga rioya qilish — ya’ni ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish uchun valyutani mahalliy ishlab chiqaruvchilardan oltin sotib olishga teng hajmda sotish;
- “favqulodda vaziyatlar” — masalan, kursning haddan tashqari beqarorligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush kabi hodisalar.
Biroq, noaniqlikni kamaytirish va bozor ishtirokchilariga asosli umidlarni shakllantirishga yordam berish uchun “istisno holatlar” mezonlarini aniq belgilash zarurligi ta’kidlanadi.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Markaziy bank neytrallik tamoyilida nazarda tutilganidan kamroq xorijiy valyuta sotgan. Shu munosabat bilan XVJ yil davomida neytrallik tamoyiliga rioya qilishni talab qiladi, bu esa ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish zaruratining oldini oladi va valyuta kursining yanada moslashuvchan bo‘lishiga yordam beradi.
“Bundan tashqari, rasmiylar XVJning bozor sharoitlarini yaxshiroq aks ettirish va tashqi shoklarda amortizator bo‘lib xizmat qilish uchun valyuta kursining kengroq chegaralarda tebranishiga ruxsat berish bo‘yicha tavsiyasini ijobiy qabul qildi. Neytrallik tamoyili bo‘yicha ular 2024-yilda xorijiy valyutani sotish hajmi sotib olingan oltin hajmidan kelib chiqqan holda talab qilinganidan past bo‘lgan bo‘lsa-da, ortiqcha likvidlik boshqa vositalar yordamida sterilizatsiya qilinganini ta’kidladilar”, — deyiladi xabarda.
O‘tgan yili tartibga soluvchi organ $7,6 mlrdlik valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi: birinchi chorakda $3,5 mlrd, ikkinchi chorakda $1,6 mlrd, uchinchi chorakda $0,5 mlrd va to‘rtinchi chorakda $2 mlrd miqdorida. 2023-yilga nisbatan tartibga soluvchi organning valyuta intervensiyalari 6%dan ortiqqa kamaygan.
Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarining “neytralligi” tamoyili asosida valyuta intervensiyalarini amalga oshiradi. Ushbu tamoyil regulyator tomonidan valyuta mablag‘larini sof sotish hajmlarini yil davomida sotib olingan monetar oltin doirasida ushlab turishni nazarda tutadi, ya’ni Markaziy bank valyutani sotib olingan oltindan past summaga sotishga harakat qiladi. 2024-yilda O‘zbekiston oltin eksporti $7,48 mlrdni (8,3%ga pasayish) tashkil etdi.
Avvalroq Spot XVJ O‘zbekiston Soliq qo‘mitasini isloh qilishga chaqirgani haqida yozgandi.
Tashkilot yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya ishini yaxshilash va tizimli kamchiliklarni bartaraf etishni tavsiya qilmoqda.