Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 12% lik yagona stavkadan progressiv shkalaga o‘tkazishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.
XVJ hisobotida mamlakatda soliq bazasini kengaytirish va soliq tushumlarining YIMga nisbatini kamaytirish tendensiyasini ortga qaytarish tavsiya qilingan.
Tashkilotga ko‘ra, 2025-yilgi budjet ayrim soliq imtiyozlarini kengaytirgani va mavjudlarini uzaytirgani bois soliq bazasining o‘sishi sekinlashib, soliq tushumlarining YIMga mutanosib o‘sishi cheklanmoqda.
XVJ hukumatga kelgusi uch yilda daromadlarni oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli strategiyani ishlab chiqish va soliq tizimini yanada adolatliroq qilishni maslahat berdi. Bu ayniqsa 2020-yildan boshlab YIMning 2%lik nuqtasi yo‘qotilishini qoplashga ko‘maklashadi.
Jamg‘armaning texnik yordam bo‘yicha tavsiyalari qatorida investitsiya imtiyozlarini qisqartirish, foyda solig‘i va daromad bo‘yicha soliq yengilliklarini qayta ko‘rib chiqish, bojxona bojlari bo‘yicha samarasiz imtiyozlarni bekor qilish hamda yangi yengilliklar berishni to‘xtatish bor.
XVJning fikricha, daromad solig‘ida progressiv stavkalarni joriy etish tizimning ijtimoiy adolat tamoyillariga moslashishiga xizmat qiladi.
2024-yilning may oyida Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov O‘zbekistonda JSHODSni progressiv tizimga o‘tkazish ehtimoli haqida gapirgandi. Biroq, undan keyin Soliq qo‘mitasi Spot so‘roviga javoban bu shaxsiy fikr bo‘lgani va bunday rejalar hozircha mavjud emasligini bildirgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining ayrim tavsiyalariga iqtisodchilar taniqidiy fikr bildirishmoqda. Spot ularni o‘rganib, bildirilgan fikr-mulohazalarni bir joyga jamladi.
“Tabaqalashgan daromad solig‘i rasmiy mehnat bozoriga ta’sir qiladi”
Iqtisodchi Otabek Bakirov XVJning daromad solig‘ini tabaqalashtirish taklifiga “aslo rozi bo‘lmaslik kerak"ligini qayd etdi. Uning fikricha, bu juda yomon hamda ijtimoiy adolat tamoyiliga ziddir. U bu tavsiyalar nima uchun noto‘g‘ri ekanligini bir nechta omillar bilan tushuntirdi.
Xususan, oxirgi yillarda daromad solig‘idan tushumlar ulushda ham, summada ham sezilarli o‘sdi. Birinchi chorakda ham bu tendensiya davom etgan: soliq to‘lovchilar soni ortmoqda, ish haqlari qonuniy tus olyapti.
“O‘sib boruvchi shkalaga o‘tish soliq tushumlarini bir martalik o‘stirishi mumkin, lekin mehnat bozorining „oqarishi“ taqa-taq to‘xtaydi, yana ommaviy konvertga qaytish boshlanadi”, — deydi Bakirov.
O‘zbekiston sharoitida yuqori daromadli shaxslar pulni asosan dividend yoki korporativ xarajatlar shaklida olishadi. Ya’ni, progressiv soliq tizimi amalda ularga tegmaydi.
Iqtisodchi ijtimoiy adolatni ta’minlash uchun dividendlar bo‘yicha soliq stavkasini daromad solig‘i darajasigacha oshirish yoki shaxsiy iste’molga ketayotgan korporativ xarajatlarni soliq bazasiga kiritishni taklif qildi. “Nega mehnatkash 12%, boylar esa dividenddan atigi 5% (mingta imtiyoz bilan) soliq to‘lashi kerak? Shumi ijtimoiy adolat?”, — deb yozadi u.
Bakirovga ko‘ra, soliq stavkalarining oshirilishi davlat qarzlarini “xalq bo‘yniga soliq va tarif ko‘rinishida yuklashi"ni anglatadi. Bu esa oshayotgan qarzlar va ularning samarasizligi masalasini namoyon qiladi.
U ijtimoiy siyosatni kuchaytirish uchun soliq tushumlarini ko‘paytirish zarur, degan fikrga qo‘shildi. Biroq bu mehnatkashlar hisobidan emas, balki yashirin va noqonuniy imtiyozlarni qo‘lga kiritgan hamda soliq to‘lamaganlar hisobidan amalga oshirilishi kerak.
“Qani o‘zbek gaz va neft konlarini egallab olganlar, karrasiga soliq stavkasi pasaytirilganlar? Shularni cho‘ntagini bo‘g‘ish payti kelmadimi? Qani bojsiz moshina olib kirib sotayotganlar? Shulardan hisob so‘rash kerakmasmi? Yo ular yap-yangi jetlarda uchsin, saroylarda yashasin, qora xalq ular uchun soliq to‘lasinmi?”, — deya xulosa qildi u.
“Soliq yukini oshirish emas, davlat xarajatlarini qisqartirish kerak”
Yana bir iqtisodchi -Yuliy Yusupov XVJning bozor mexanizmlarining ishlashiga xalaqit beradigan, korrupsiya va raqobatni cheklashga qulay sharoit yaratadigan individual va tarmoq imtiyozlarini bekor qilish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Biroq, uning fikricha, pasayishni (YIMga nisbatan foizda) qoplash orqali budjet daromadlarini oshirish kerakligi haqidagi fikr hayratlanarli. OTB ma’lumotlariga ko‘ra, pasayish kuzatilmagan: 2020-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari YIMning 26,9%ini, 2024-yilda esa 30,5%ini tashkil etgan. Davlat xarajatlari 29,1% dan 35,5% gacha oshgan.
“Ha, budjetga tushumlar o‘sishi davlat xarajatlari ortishidan ortda qolmoqda, bu esa budjet taqchilligi va davlat qarzini oshiradi. Ammo bu shishirilgan va tez o‘sib borayotgan davlat xarajatlarini kamaytirish o‘rniga iqtisodiyotga soliq yukini yanada oshirish kerakligini anglatmaydimi?”, — deydi Yusupov.
U XVJning soliq yukini oshirish to‘g‘risidagi tavsiyalarini “g‘alati mantiq” deb atadi hamda bu rivojlangan bozor iqtisodiyotiga muvofiq keluvchi umumiy makroiqtisodiy tamoyil. Ammo O‘zbekiston hali rivojlangan ham, bozor iqtisodiyotiga ega ham emas.
Yusupovning fikricha, O‘zbekiston aholi jon boshiga YIM $3000 dan to‘g‘ri keluvchi kambag‘al mamlakat. Umumiy qonuniyat esa mamlakat qanchalik kambag‘al bo‘lsa, u o‘ziga shunchalik kam budjet-soliq yukini ko‘tara olishini ta’kidlaydi. Chunki YIMda davlat xarajatlari ulushining yuqoriligi biznes xarajatlarining yuqoriligi va raqobatbardoshlikning pastligini bildiradi.
O‘zbekistonda davlat xarajatlarining YIMdagi ulushi G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi kabi — korxonalarning kvazifiskal xarajatlarini hisobga olgan holda YIMning 40%idan ortig‘ini tashkil etadi.
“Hatto Sharqiy Osiyoning boy mamlakatlarida ham bu ko‘rsatkich 1,5−2 baravar past. Muvaffaqiyatli rivojlanayotgan kambag‘al iqtisodiyotlar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi”, — deydi u.
Bundan tashqari, iqtisodchi O‘zbekistonda hali ham nobozor iqtisodiyot mavjudligini qayd etdi. Chunki asosiy qarorlarni xususiy sektor va bozor emas, balki amaldorlar qabul qiladi. Ular davlat xarajatlari, imtiyozlar, subsidiyalar, soliq va bojlar hamda imtiyozli kreditlardan foydalanadi. “Sarflash va „arralash“ mumkin bo‘lgan pullar hech qachon ularga kamlik qilmagan”, deydi Yuliy Yusupov.
Amaldorlar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazorati va ta’sirchan tiyib turuvchi choralar mavjud emas. Bu esa iqtisodiyotga soliq va qarz yukining ortib borishi hisobiga qoplanadigan davlat xarajatlarining cheksiz o‘sishiga olib keladi.
Yuliy Yusupov O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini tezlashtirish uchun quyidagilar zarurligini ta’kidlaydi:
- davlat xarajatlarini, ayniqsa, iqtisodiy xarajatlarni tubdan (1,5−2 baravar) qisqartirish;
- mulkchilikda davlat ulushini tubdan qisqartirish (bu ko‘rsatkich me’yoridan ortiq);
- iqtisodiyotga soliq va qarz yukini kamaytirish (biznes xarajatlarini kamaytirish va mahsulotlarni yanada raqobatbardosh qilish uchun);
- import uchun bojxona to‘lovlari va notarif to‘siqlarni qisqartirish, individual va tarmoq imtiyozlarini bekor qilish (raqobat muhitini kuchaytirish va amaldorlar tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan monopol va korrupsion manfaatlarni yo‘q qilish uchun);
- davlatning iqtisodiyotdagi funksiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish. Mansabdorlarni biznesdan chetlatish, ularning bozor mexanizmlarini buzishiga chek qo‘yish kerak.
“Biroq, XVJ buning o‘rniga iqtisodiyotga soliq yukini oshirishni taklif qilmoqda. So‘z topish qiyin. Makroiqtisodiyot tamoyillarini mamlakatning institutsional va tarixiy xususiyatlarini hisobga olmasdan, mexanik tarzda qo‘llash mana shunday oqibatlarga olib keladi”, — deya xulosa qildi Yuliy Yusupov.