Toshkent metropolitenining ayrim bekatlarida naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish uchun kassalar faoliyati tugatildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ilgari bir martalik QR-kodli chiptalardan metro yo‘lovchilarining 45−50% foydalangan bo‘lsa, hozirda bu qariyb 6−7% ga pasaygan. Shu bilan birga, “uzoq vaqt davom etgan kuzatuv va o‘rganishlar” ayrim metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar xaridi keskin kamayganini ko‘rsatdi.
Shundan kelib chiqib, yo‘l haqini naqd pulda to‘laydigan yo‘lovchilar soni past bo‘lgan quyidagi stansiyalarning bittadan vestibyullaridagi kassalar yopildi:
- Chilonzor yo‘nalishida — Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar do‘stligi, Paxtakor, Hamid Olimjon, Pushkin;
- O‘zbekiston yo‘nalishida — Do‘stlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik;
- Yunusobod yo‘nalishida — Shahriston, Bodomzor, Minor, Abdulla Qodiriy.
Shuningdek, ularda chipta xaridi uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda.
Yo‘lovchilar bu bekatlarda boshqa usullarida, jumladan, ATTO kartalari, bank kartalari, turli mobil ilovalar, kaft orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.
Metropoliten yo‘lovchilarga qulaylik yaratish hamda kassa oldidagi tirbandliklarni kamaytirish uchun metrodan foydalanishda yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjudligini qayd etdi. QR-kodli bir martalik chiptalar 3000 so‘m, boshqa to‘lov usullari esa 1700 so‘m va undan pastroqni tashkil etadi.
Avvalroq Do‘stlik metro bekatidan Yangi Toshkent shahriga yer usti va yer osti metro yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi. Yo‘nalish uzunligi 21 km bo‘lib, to‘qqizta bekatdan iborat bo‘ladi. Loyihani amalga oshirishga Rossiya va Turkiya kompaniyalari jalb etilgan.