O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli biznesga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda. Bu haqda 7-iyul kuni Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov IT-kompaniyalar vakillari, kontent-provayderlar va davlat xaridlari ishtirokchilari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Green White Solutions asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov xususiy va davlat korxonalari mas’uliyatini tenglashtirishni taklif qildi. U bir yil avvalgidek, elektr tarmoqlarini oldindan ogohlantirmasdan o‘chirib qo‘yganlik uchun javobgarlik joriy etish masalasini yana bir bor ko‘tardi. “Ular o‘z vazifalarini uddalay olmayapti, natijada biznes zarar ko‘rmoqda”, — dedi IT-kompaniya rahbari.
Biznes-ombudsman o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, hozirda elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini soddalashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda.
“Bundan bir yil oldin ham ogohlantirishsiz elektr energiyasi o‘chirilishi muammosini ko‘tarib chiqqandim. Lekin bu muammoni hal qilish bo‘yicha oldinga bir qadam ham tashlanmadi. Oxirgi bir oy ichida ko‘p texnikalarim kuyib ketdi. Biroq [energetika tarmoqlari uchun] hech qanday javobgarlik yo‘q. Bu hali boshqa masalalar ko‘tarilmaganda uzilishlar uchun javobgarlik [masalasi]”, — deya ta’kidladi Abduqahhor Toshmuhamedov.
Jamshid O‘runov elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli kuygan texnikalar masalasini xususiy tartibda ko‘rib chiqishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda zararni qoplash uchun norma mavjud.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Abduqahhor Toshmuhamedovning energiya tarmoqlari uchun javobgarlikni joriy etish zarurligi haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uning taklifi yozib olinganini ta’kidladi.
2024-yilning 29-iyun kuni o‘sha paytdagi biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov ogohlantirishsiz elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun elektr tarmoqlari javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u uzilishlar tufayli tadbirkorlik faoliyatiga zarar yetganini tan oldi.
Avvalroq quyosh va shamol elektr stansiyalari yil boshidan buyon 5 mlrd kVt/soat ishlab chiqargani haqida xabar berilgandi.