Toshkent shahrida sun’iy intellektga ega videokameralar piyodalar o‘tish joylarida avtomobillarning yo‘l bermaslik holatlarini aniqlashni boshladi, deya xabar berdi bloger Nikita Makarenko o‘zining Telegram-kanalida. Bu haqdagi ma’lumotni Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev Spot’ga tasdiqladi.
Nikita Makarenkoning so‘zlariga ko‘ra, 10 ta piyodalar o‘tish joyida sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan kameralar allaqachon ishga tushgan. U o‘z postida ushbu kameralardan olingan videolarni ilova qilgan.
“O‘tish joyida piyoda paydo bo‘lishi bilanoq, tormozni bosmaganlar jarimaga tortiladi. Kameralar uch kun ichida 1700 ta jarima yozgan”, — deb yozdi bloger.
Nikita Makarenko tez orada poytaxtning yana 30 ta chorrahasida sun’iy intellektga ega kameralar ishga tushishini ma’lum qilib, haydovchilarni o‘tish joylarida piyodalarga yo‘l berishga chaqirdi.
Iyun oyida Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini raqamli texnologiyalar asosida boshqarishga mo‘ljallangan Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi ishga tushirildi. U orqali sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va tirbandliklarni prognoz qilib boradi.
Avvalroq O‘zbekistonda 40−50 yildan oshgan avtomobillar bosqichma-bosqich muomaladan chiqarila boshlanishi haqida xabar berilgandi.