14-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan umumiy ovqatlanish va savdo sohasi vakillari bilan tashkil etilgian ochiq muloqotda tadbirkorlar elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha zararni qoplash mexanizmini joriy etish hamda Hududiy elektr tarmoqlari’ning javobgarligini kuchaytirishni taklif qildi.
TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova ularning kafesi elektrsiz ishlay olmasligini ta’kidladi hamda elektr energiyasi taqchilligi va infratuzilma bilan bog‘liq “hal qilib bo‘lmaydigan muammolar” borligini tushunishini bildirdi. Uning qayd etishicha, kuniga 10 martagacha ro‘y beradigan avariyaviy uzilishlar jihozlarning buzilishiga va savdo hajmining kamayishiga olib keladi.
“Men elektr energiyasi yetkazib beruvchisi tomonidan kompensatsiya masalasini ko‘tarmoqchiman. Barchamiz depozitlar asosida ishlaymiz, tariflar bo‘yicha to‘laymiz — bu biznes uchun kichik summa emas. Kompensatsiya mexanizmini joriy etish mumkinmi?”, — dedi Nargiza Ulug‘ova.
ChayKof qahvaxonalari tarmog‘i va Moloko qahvaxonasining boshqaruvchi hamkori Alina Simerman bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr ta’minotidagi uzilishlar har kuni, ba’zan esa kuniga 8 martagacha bitta muassasada kuzatiladi. “8 ta o‘chirishdan keyin uskunalar o‘zini qanday his etishi mumkin?”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, uzilishlardan so‘ng HET’ga qo‘ng‘iroq qilishning imkoni yo‘q — 80% holatda hech kim javob bermaydi.
“Xodimlarim HET’ga 80 marta qo‘ng‘iroq qiladi — ular esa shunchaki go‘shakni olishmaydi. Ba’zan shaxsan borishga to‘g‘ri keladi. Oxirgi marta Yakkasaroy tumanidagi HETga bordim va dispetcherlik xonasiga kirib, „Nega javob bermayapsizlar?“ deb so‘rasam, ular „tushlik tanaffusimiz bor“, deyishdi. „Nega elektr energiyasi o‘chdi?“, degan savolga esa „Biz bilmaymiz, liniyadagi yuqori kuchlanish tufayli Toshkent shahar elektr tarmoqlari o‘chiryapti“, deyishdi”, — dedi Simerman.
Tadbirkor mavjud shartnomalarda yetkazib beruvchilar elektr energiyasi o‘chirilishdan oldin ogohlantirishi kerakligi aniq yozilganiga qaramay, bu talablar muntazam buzilayotganini qayd etdi. “Bizning bunga nima aloqamiz bor? Biz normal iste’molchilarmiz, shartnomamiz bor, unda aniq yozilgan: ta’minotchi uzilishlar haqida ogohlantirishi shart. Shunchaki o‘chirishga hech kimning haqqi yo‘q”, — dedi Alina Simerman.
Shuningdek, restorator Hududiy elektr tarmoqlari shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlikni his qilmayotganidan shikoyat qildi.
Iyul oyida Spot kafe egalari to‘satdan elektr uzilishlari tufayli mahsulotlarning butun partiyalarini yo‘qotayotganini, ijodiy agentliklar xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazayotgani, muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari quruq muz sotib olayotgani, shuningdek, akkumulyator tizimlari va generatorlarni o‘rnatayotgani haqida yozgandi. Tadbirkorlar elektr energiyasi uchun ko‘proq to‘lashga tayyor, faqat barqaror ta’minot va rejalashtirilgan uzilishlar haqida oldindan ogohlantirish sharti bilan.
Undan keyin Hududiy elektr tarmoqlari Spot’ning energiya tariflari oshishiga qaramay, elektr energiyasining tez-tez uzilishi yangi normaga aylanib borayotgani haqidagi materialiga munosabat bildirdi. Uzilishlarning asosiy sababi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun tarmoqlarni yangilash bo‘yicha rejalashtirilgan ishlardir. Issiq kunlardagi avariyaviy holatlar ham elektr energiyasi ta’minotida uzilishlarni keltirib chiqarmoqda. HET yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, iste’molchilarga rejalashtirilgan o‘chirishlar haqida yaxshiroq ma’lumot berishga va’da berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli biznes yo‘qotishlarini qoplash mexanizmi tayyorlanayotgani haqida yozgandi.