O‘zbekiston Universal Mobile Systems mobil aloqa operatorini (Mobiuz brendi) $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg bitim tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ikki xabardor manbasiga tayanib xabar berdi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati izoh berishdan bosh tortgan.

Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropaning salohiyatli investorlari Mobiuz’ni xususiylashtirishga oldindan qiziqish bildirmoqda.

Bloomberg Fitch Solutions’ning sho‘ba korxonasi BMI’ga tayanib yozishicha, 2024-yil oxirida O‘zbekistonda deyarli 36 mln abonent bor edi. Shu bilan birga, Mobiuz’ning telekommunikatsiya bozoridagi ulushi 20,9% ga yetgan.

Davaktiv agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Mobiuz daromadi $164 mlnni, foizlar, soliqlar va amortizatsiyadan oldingi foyda esa $41 mlnni tashkil etgan.

Iyun oyi boshida Mobiuz mobil aloqa operatorini xususiylashtirish boshlandi. Davlat korxonaning 100% ustav fondidagi o‘z ulushini sotmoqchi. Bitim bo‘yicha yetakchi strategik va moliyaviy konsultant — Rothschild & Co investitsiya banki, qo‘shimcha moliyaviy konsultant esa KPMG hisoblanadi. Arizalar 1-avgustgacha qabul qilinadi.

Kompaniya haqida

Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.

Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.

Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Mobiuz Raqobat qo‘mitasi ko‘rsatmasi bilan tarifni o‘zgartirish bilan bog‘liq cheklovni olib tashlagani haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, mobil operator kundalik abonent to‘lovi rejimiga o‘tish xizmatini boshqarish usullari bo‘yicha tushuntirish berishni ta’minladi.