Afg‘oniston Transafg‘on yo‘lagi loyihasini amalga oshirish uchun xavfsizlik kafolatlarini taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Transport vaziri o‘rinbosari Afg‘oniston har doim transport imkoniyatlari uchun ochiq bo‘lganini, biznes ishlaganini va yuk tashish amalga oshirilganini ta’kidladi. Biroq, yuklarning xavfsizligi va sug‘urtasi masalasi yuzaga keladi.

“Bugungi kunda kelishuv doirasida Afg‘oniston ham loyiha bo‘yicha kafolatlar bermoqda. Tadqiqot ishlari va qurilish ishlari olib borilayotgan vaqtda Afg‘oniston hukumati infratuzilmani saqlab qolish bo‘yicha xavfsizlikka to‘liq kafolat beradi”, — dedi Choriyev.

Uning aytishicha, Afg‘oniston transport yo‘laklarini rivojlantirishga ehtiyoj sezmoqda, chunki yirik bozorlar bilan aloqasiz iqtisodiyotni yuksaltirish qiyin.

Transafg‘on koridori loyihasini amalga oshirish doirasida Pokiston hududida murakkab uchastkalar, jumladan tog‘li hududlar nazarda tutilgan. Ularni engib o‘tish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qurilish muddatlarini qisqartirish, shuningdek, beshta tonnel va 312 ta ko‘prik qurish zarur bo‘ladi.

“Loyihaning o‘zi, aytish mumkinki, qimmat. Ammo bugungi kunda biz bashorat qilayotgan hajmlarni inobatga olsak, bu 10 yildan so‘ng yanada rivojlanish imkoniyatini yaratadi. Agar arzon tashish xizmatlaridan foydalana olmasak, bugungi kunda erishgan iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolishimiz mushkul bo‘ladi”, deya ta’kidladi u.

Transafg‘on koridori shimoliy (Rossiya orqali) va janubiy (Eron orqali) yo‘nalishlarga muqobil bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Jasurbek Choriyev yangi temir yo‘l dengizga chiqish uchun parallel, muqobil va eng qisqa yo‘l — Karachi portlari orqali, deb javob berdi.

Vazir o‘rinbosari Turkmaniston va Eron orqali tashishda qiyinchiliklar borligini tan oldi. Qo‘shni davlatlarga “geosiyosiy ta’sir” O‘zbekistonni muqobil yo‘laklar haqida o‘ylashga majbur qilmoqda.

Transafg‘on temir yo‘li

Transafg‘on temir yo‘lini qurish tashabbusi 2018-yilda ilgari surilgan. 2021-yil boshida Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi loyiha $4,8 mlrdga baholangan.

2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. 2023-yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.

Iyulda tomonlar loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqdilar. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilga belgilangan.

2023-yilning dekabrida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi qariyb $7 mlrdga baholandi. Qurilish Build-Operate-Transfer (qurilish-ekspluatatsiya-yo‘naltirish) formatida DXSh asosida amalga oshirilishi mumkin.

O‘tgan yilning may oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev transafg‘on temiryo‘li Yevroosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynashini qayd etgandi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Tovar yetkazib berish muddati 35 kundan 5 kungacha qisqaradi, yetkazish narxi esa kamida 40%ga pasayadi.

Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston Xayraton-Mozori-Sharif temir yo‘li bo‘yicha shartnomani uzaytirishi haqida xabar berilgandi.