O‘zbekneftgaz 2025-yil sentabridan AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi. Bu haqda Kun.uz tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan hujjatga tayanib xabar berdi. Xabarni Spot’ga kompaniya matbuot xizmati tasdiqladi.
2025-yil oxirigacha O‘zbekneftgaz yuqori oktanli avtomobil benzini (AI-92) ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. AI-80 markasini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatish sentyabr oyiga mo‘ljallangan.
Kun.uz xabariga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 2025-yilda jami 1,03 mln tonna yoqilg‘i ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Buning 487 ming tonnasi AI-80 va 543 ming tonnasi AI-92+ benzini bo‘ladi. Shuningdek, AI-80 avtobenzinini sentabrgacha ishlab chiqarish, sentyabrdan boshlab esa faqat AI-92+ avtobenzinini (oyiga o‘rtacha 90 ming tonna) ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Natijada joriy yilning o‘zida O‘zbekneftgaz omborlarida AI-80 avtobenzin zaxiralari to‘liq tugatiladi, 2026 yildan esa faqat yuqori oktanli avtobenzin (AI-92 va AI-95) sotishga o‘tiladi.
AI-80 benzinidan voz kechish
2024-yil fevral oyida O‘zbekneftgaz va China National Petroleum Corporation o‘rtasida AI-80 benzin ishlab chiqarishni to‘xtatish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun ikki yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi, loyiha ishlari Xitoy sarmoyasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Aprel oyida O‘zbekneftgaz Fransiyaning Axens kompaniyasi bilan BNQIZni modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 2025-yilgacha Fast-Track rejimida parallel ravishda loyihalash va qurish bilan mos ravishda 60% va 40% hajmda yuqori oktanli AI-92 va AI-95 benzinlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Yillik 1 mln tonna benzin ishlab chiqarish Yevro-5 sinfiga javob beradi.
May oyida O‘zbekneftgazning qayta ishlash bo‘yicha sobiq rahbari Odil Temirov “Spot"ga Fransiyaning litsenziar Axens kompaniyasi o‘z texnologiyalaridan foydalanish uchun litsenziya kelishuvi bo‘yicha ishlarni boshlaganini ma’lum qilgandi.
“Asosiy loyihani ular (Axens — Spot tahririyati) sentyabrgacha yakunlashlari kerak. Shu bilan bir vaqtda, biz Xitoyning CNPC bo‘linmasi bilan hamkorlik qilmoqdamiz, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. AI-80 benzinidan voz kechish bo‘yicha ishlarni alohida amalga oshirmoqdamiz, bu [BNPZ]ni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish bilan bog‘liq emas. Noyabr-dekabr oylarida AI-91 va AI-92 ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. AI-80 dan butunlay voz kechish 2025-yilning boshidan boshlanadi”, deya ma’lum qildi u.
Odil Temirovning aniqlik kiritishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahsulotlarining 85%i AI-80 benziniga, qolgan 15%i esa AI-92 benziniga to‘g‘ri keladi. U qo‘shimcha qilishicha, 2024-yil noyabr oyidan boshlab bu nisbat yuqori oktanli yoqilg‘i foydasiga o‘zgara boshlaydi.
O‘tgan yilning oktyabr oyida O‘zbekneftgaz AI-92 markali benzinni tovar-xomashyo birjasiga chiqarishni boshladi. Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish strategiyasiga amal qilishga va’da berdi.
Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergan edi.