To‘rtinchi chorakda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-80 o‘rniga AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda 14-may kuni Energetika haftaligi (UEW 2024) doirasida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Odil Temirov “Spot"ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Fransiyaning “Axens” kompaniyasi litsenziat sifatida faoliyat yuritib, o‘z texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha litsenziya shartnomasi ustida ish boshlagan.

“Ular („Axens“ — „Spot“ izohi) sentabrgacha asosiy loyihani yakunlashlari kerak. Bunga parallel ravishda Xitoyning CNPC bo‘linmasi bilan ishlayapmiz, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. AI-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechish ishlarini alohida olib boryapmiz, bu [BNQIZ] yirik modernizatsiyasi bilan bog‘liq emas”, — dedi u.

“O‘zbekneftgaz” raisi o‘rinbosari joriy yilning noyabr-dekabr oylarida AI-91 va AI-92 benzinlarini ishlab chiqarish boshlanishini, 2025-yil boshidan AI-80 benzinidan butunlay voz kechish boshlanishini qayd etdi.

Odil Temirovning aniqlik kiritishicha, hozirda Buxoro NQIZda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 85%i AI-80, qolgan 15%i esa AI-92 benzinidir. Noyabrdan boshlab bu nisbat yuqori oktanli yoqilg‘i foydasiga o‘zgara boshlaydi. Loyiha qiymati esa ochiqlanmagan.

BNQIZni yirik modernizatsiya qilish loyihasi doirasida “China National Petroleum Corporation” bilan ishlar olib borilmoqda. Yanvar oyida prezidentning Xitoyga tashrifi doirasida shartnoma imzolangandi. Loyiha ishlarini moliyalashtirishga Xitoy sarmoyasi jalb qilinadi.

Yil boshida Shavkat Mirziyoyev 2025-yildan AI-80 benzinini ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergandi. Toshkentda “Yevro-4"dan past yonilg‘idan foydalanishning salbiy ta’sirini kamaytirish mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Buxoro NQIZni modernizatsiya qilishda Xitoy korporatsiyasi jalb etilib, zavodni ikki yil davomida yaxshilaydi. Aprel oyi oxirida “O‘zbekneftgaz” va Fransiyaning “Axens” kompaniyasi zavodni modernizatsiya qilishga kelishib olgandi. Ikki yillik loyiha yiliga 1 mln tonna AI-92 va AI-95 benzinlari ishlab chiqarishni nazarda tutadi.