“China National Petroleum Corporation” AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qiladi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Odil Temirov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

29-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan AI-80 markali benzinidan foydalanishni butunlay to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Odil Temirovning qayd etishicha, uch yildan buyon AI-80 benzinidan butunlay voz kechish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, bu maqsadda 3−4ta kompaniya bilan muzokaralar va izlanishlar o’tkazilmoqda.

“Buxoro NQIZda qaysi qurilmalarni modernizatsiya qilish kerakligi haqida aniq bilamiz. Bu odatda 2−2,5 yilni talab etadi. Prezident buni uzil-kesil kelasi yilda amalga oshirish topshirig‘ini qo‘ydi”, — Odil Temirov.

Uning qayd etishicha, davlat rahbarining Xitoyga tashrifi doirasida “O‘zbekneftgaz” Xitoy milliy neft korporatsiyasi bilan ham bu masala bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Ayni paytda mamlakatning “CNPC” kompaniyasi bilan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Odil Temirov hozirgi kunda AI-80 benzini “Yevro-2” talablariga javob berishini hamda mazkur turdagi benzindan atrof-muhitga ko’proq zararli gazlar tashlanishini qayd etdi.

“Yevro-5” hamda “Yevro-6” talablari bo‘yicha butun dunyoda ekologik talab yuqori bo‘lgani uchun 92 va undan yuqori benzinga o‘tilgan.

Avvalroq Ekologiya vazirligi Toshkentda atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgandi.