Samarqand shahrining Cho‘pon-ota hududida DXSh asosida barpo etilgan yangi avtovokzalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, loyihani amalga oshirish uchun $12 mln yo‘naltirilgan. Yangi avtovokzal zamonaviy arxitektura, energiya tejamkor yechimlar va xavfsizlik standartlari asosida qurilgani qayd etildi.
Avtovokzalda keng va yorug‘ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolar orqali qatnovlar jadvalini ko‘rsatish, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar bor.
Yo‘laklar, avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmati, 24 soat ishlovchi videokuzatuv tizimi yaratilgan.
Avtovokzal hududida 120 ta savdo do‘koni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona joylashgan.
Qayd etilishicha, avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratildi.
2023-yilning mart oyida Samarqand shahridagi Cho‘lpon ota tepaligida xalqaro avtovokzal qurilishi ma’lum qilingandi. Loyihaning umumiy qiymati 135 mlrd so‘mni tashkil etib, avtovokzal uch qavatdan iborat bo‘lishi aytilgandi. Jami 5 gektar maydonni egallagan avtovokzal kuniga 15 mingdan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand pulli avtoyo‘li bo‘yicha tender yakunlangani haqida yozgandi. Ilhom Mahkamov uzoq vaqt davom etgan xalqaro tanlov g‘olibi bilan yakuniy muzokaralar olib borilishini ma’lum qildi. 2025-yilda qurilishni boshlash rejalashtirilgan.