Joriy yilning mart oyida Samarqand shahridagi Cho‘lpon ota tepaligida xalqaro avtovokzal qurilayotgani haqida xabar berilgandi.

Loyihaning umumiy qiymati 135 mlrd so‘mni tashkil etib, avtovokzal uch qavatdan iborat bo‘ladi.

Avtovokzal jami 5 gektar maydonni egallagan bo‘lib, unda kuniga 15 mingdan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda “O‘zbekiston24” telekanali xabar berdi.

“Xalqaro avtoshoh bekati o‘z ichiga 100ta katta avtobus, 300ta mikroavtobus hamda 300ta yengil avtomobillarni qamrab oladi. Avtovokzal 24 soat davomida faoliyat yuritadi.”, — deydi “SXF Camping” kompaniyasi menejeri Shohruh Rafiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha natijasida 1000ta ish o‘rni yaratiladi. Avtobuslar Xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlardan shartnoma asosida olib kelinib, ularning qo‘shni davlatlarga harakati Transport vazirligi bilan kelishilgan holda yo‘lga qo‘yiladi.

Xususan, avtovokzaldan O‘zbekiston hududlariga hamda Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘izistonga avtobus harakati amalga oshiriladi.

“Xalqaro liniyalar kuniga ikki smenada — ertalab va kechqurun harakatlanadi. Shu tarzda, bir kunning ichida to‘rtta davlatga jami 8ta liniya yo‘lga qo‘yiladi. Ichki qatnovlar, Navoiy, Buxoro, Qarshi kabi hududlarga kuniga 3 martadan qatnovlar amalga oshiriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Shohruh Rafiyev

Xalqaro avtovokzalda 100 o‘rinli kutish zali, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish shahobchalari, restoran hamda savdo nuqtalari, shuningdek, servis markazlari quriladi.

Bundan tashqari, majmua hududida kassa, tibbiyot punkti hamda ko‘ngilochar markaz kabilar joylashishi belgilangan. Xalqaro avtovokzal qurilishi joriy yilning oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” Samarqandda xalqaro turizm akademiyasi ochilgani haqida xabar bergandi. O‘quv dasturi Shveysariya tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Treninglar xorijiy maslahatchilar tomonidan olib boriladi.