Allmedia Safe Service ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida eʼtirof etildi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qo‘mitaning tegishli buyrug‘i asosan, kompaniya tomonidan yuritiladigan Allplay servisi video, shu jumladan, televideniye va kino hamda audio kontentni onlayn uzatish yoki almashish platformalari bozorida ustun mavqega ega deb hisoblanadi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan operator faoliyatida ustun mavqeini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib boriladi.
Hukumatning tegishli qaroriga asosan, raqamli platformalar tarmoq samarasi mavjud bo‘lganda, shuningdek, quyidagi ikkita mezonlardan biri bajarilganda ustun mavqega ega deb e’tirof etiladi:
- sotuvdan tushgan yillik tushum BHMning 100 ming baravariga (41,2 mlrd so‘m) teng yoki undan yuqori;
- har oyda kamida 50 ming faol yakuniy foydalanuvchilar yoki har oyda 3 ming faol tadbirkor foydalanuvchilar.
Shuningdek, ma’lum bir bozorda 40% dan ortiq ulushga ega bo‘lgan platformalarga, foydalanuvchilar sonidan qat’i nazar, maqom beriladi. Bu har uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi.
Ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan operatorlarga raqobatni cheklashga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi. Xususan, ular tadbirkorlarga platformadan tashqarida foydalanuvchilar bilan kelishishni taqiqlashga haqli emas.
Platforma bilan raqobat qiluvchi tadbirkorlarning ma’lumotlaridan ularning ruxsatisiz foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, raqobatchilardan mahsulotlarni sotish yoki sotib olishni cheklash, o‘z tovarlari va xizmatlarini foydalanuvchilar yoki uchinchi shaxslarning takliflariga nisbatan foydaliroq shartlarda ilgari surish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, foydalanuvchilarni tashqi ilova va xizmatlarni o‘rnatish imkoniyatidan mahrum qilish taqiqlanadi. Xizmatlar sifatini asossiz pasaytirishga yoki boshqa xizmat ko‘rsatuvchi provayderga o‘tish imkoniyatini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yil boshida Payme raqamli platforma operatorining ustun mavqeini tan olingandi. Bunga asos sifatida Payme’ning Raqobat qo‘mitasiga xabarnomasi taqdim etilgan.
Aprel oyida tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Uzum Tezkor ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi. Mayda esa Raqobat qo‘mitasi Click’ni ustun mavqega ega deb topgan edi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi Yandex Market reklamasi bo‘yicha ishni Uzum Market foydasiga hal qilgani haqida yozgandi. Maxsus komissiya holatni iqtisodiy jihatdan past ta’sirli deb baholab, YandexGo UB’ga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llashni lozim deb topmadi. Biroq, reklama roligi OAVdan olib tashlanishi kerak.