Rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirilgan Andijon aeroporti 12-avgust kuni o‘zining ilk xalqaro parvozini amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi yo‘nalish Flyone Asia mahalliy aviakompaniyasining Andijon-Jidda-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha reysi bo‘ldi. Bortida 151 yo‘lovchi bo‘lgan Q72261 reysi manziliga uchib ketdi.
Mazkur yo‘nalishdagi muntazam aviaqatnovlar haftasiga ikki marta — seshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviakompaniya vakillari bu ziyorat, sayyohlik va xizmat safarlari imkoniyatlarini kengaytirishni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
2023-yilning sentabr oyida Andijon xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishining birinchi bosqichi boshlangandi. Joriy yilning 15-martiga kelib, rekonstruksiya ishlari yakunlandan keyin, aeroport “Uzbekistan Airways"ning Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi.
20-martdan Silk Avia aviakompaniyasi Toshkent va Andijon o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Aviareyslar haftasiga ikki marta — seshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Rekonstruksiya ishlari doirasida aerodrom majmuasida uzunligi 3 300 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurildi.
Aerodrom qoplamasining yangi elementlari betondan qurilgan. Qoplamaning yuk ko‘tarish qobiliyatini aniqlovchi tasnif raqami — PCN — 64/B/W/T. Bu aeroportga Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli va quyi toifadagi samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish imkonini beradi.
Avvalroq Spot O‘rta Chirchiq tumanida 1200 gektar maydonda Toshkentning yangi aeroporti qurilishi mumkinligi haqida yozgandi. 2026-yilda Bekobod-Bo‘ka-Piskent-Nurafshon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilgan.