Andijon xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishining birinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Rekonstruksiya doirasida yangi aerodrom majmuasi, jumladan, uzunligi 3400 metr va eni 60 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari, samolyotlar uchun yettita to‘xtash joyiga ega perron qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, aerodrom majmuasida barcha turdagi havo kemalarini tungi vaqtda va og‘ir ob-havo sharoitida qabul qilish/jo‘natish imkonini beruvchi ICAO ikkinchi (CAT-II) toifali yoritish moslamalari o‘rnatiladi.

Aeroportning mavjud uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi 2985 metr va eni 44 metr bo‘lib, yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi hamda zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli ko‘plab turdagi samolyotlarni qabul qilishda va tunda faoliyat olib borishda cheklovlar mavjud edi.

Loyiha 2023−2024 yillar davomida amalga oshiriladi.

Sentabr oyi boshida Jizzaxda Zomin aeroporti foydalanishga topshirilgandi. Aeroport 60 gektar yer maydonida tashkil etilib, 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminaliga ega, 200dan ziyod xodimlar faoliyat yuritadi.