Ilon Mask o‘zining xAI kompaniyasi Apple’ga qarshi monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlik ayblovini qo‘yib, da’vo tayyorlayotganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, App Store ataylab OpenAI’dan tashqari boshqa sun’iy intellekt kompaniyalari ilovalarini yuqori o‘rinlarga chiqarmayapti.
X’da chop etilgan bir qator xabarlarida Mask Apple’ni mashhur mahsulotlar, jumladan X ijtimoiy tarmog‘i va Grok chat-botini “zarur” ilovalar ro‘yxatiga kiritmayotganlikda, raqobatchilar xizmatlariga esa imtiyozlar berayotganlikda aybladi.
“Siz siyosat bilan shug‘ullanasizmi? Nima bo‘lyapti o‘zi? Qiziquvchan odamlar bilishni istaydi”, — dedi u kompaniyaga murojaat qilib.
https://twitter.com/elonmusk/status/1955046467993059530
OpenAI rahbari Sem Altman javobida Mask X’ni shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatishi mumkinligini taxmin qildi va o‘z jamoasi “ajoyib mahsulotlar yaratishga” e’tiborini qaratmoqchi ekanligini ta’kidladi.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Grok Amerikaning App Store do‘konida “Eng yaxshi bepul ilovalar” bo‘limida oltinchi o‘rinni egallab turibdi, OpenAI ChatGPT esa birinchi o‘rinda.
Apple va OpenAI faol hamkorlik qilmoqda: avgust oyida OpenAI kuzda iOS 26 bilan birga Apple Intelligence’ga o‘rnatiladigan GPT-5 modelini taqdim etdi.
Maskning OpenAI bilan kelishmovchiligi bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. U 2018-yilda direktorlar kengashini tark etgan, 2024-yilda esa kompaniya va shaxsan Altmanga qarshi da’vo qo‘zg‘atib, ularni dastlabki maqsadlaridan chetlashishda va OpenAI’ni Microsoft’ning yopiq “sho‘ba korxonasi"ga aylantirishda aybladi.
Avvalroq Spot Tesla Ilon Maskka $29 mlrdlik mukofot puli berishni ma’qullagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mukofotlar Mask 2027-yilgacha kompaniyadagi asosiy rahbarlik lavozimida qolgan taqdirdagina beriladi.