Bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan blogerlarga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Blogerlar sahifalariga Melbet bukmekerlik tovar belgisidan foydalangan, shuningdek qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari mavjud videolar joylashtirgan.
Reklamalar bir necha yuz minglab kuzatuvchilariga ega bo‘lgan blogerlar tomonidan amalga oshirilgan. Jumladan:
- fuqaro Xakimov Abbos Faxriddin o‘g‘li (amirxon_uzbek);
- fuqaro Ilyosov Doniyor Maʼruf o‘g‘li (donik_krash).
Mazkur holatlar yuzasidan qo‘mita tomonidan blogerlar belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.
Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida"gi qonun bilan mamlakat hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanishini eslatdi. Shu mazmundagi reklamalar tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi qimor o‘yinlarini targ‘ib qilgan to‘rtta blogerni javobgarlikka tortgan edi. Xususan, blogerlar Jasurbek Shodiyev (jasjannew), Dadabek Normamatov (allme. uz), Sherxon Rahmatov (sherxon.zdss) hamda Xojiakbar Xasanboyev (hojiakbar_ku) o‘z sahifalarida bukmekerlik tovar belgisidan foydalanib, qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari aks etgan video-roliklar joylashtirgan.
O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati
2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.
ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.
ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.
Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.
Joriy yilning aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda lotereya va bukmekerlik litsenziya asosida amalga oshiriladigan faoliyatlar qatoriga kiritildi.
Iyul oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat reyestrini yuritish tartibini tasdiqlagandi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Allplay‘ni ustun mavqega ega deb topgandi.