Fransiyaning Balenciaga modalar uyi qariyb $1000lik noodatiy aksessuar taqdim etdi. Yangilik brendning rasmiy veb-saytida paydo bo‘ldi.
Kompaniya Marche Packable ko‘k rangli erkaklar sumkasini e’lon qildi. Aksessuar g‘ijimlangan paket ko‘rinishida ishlangan. Sumka yuqori mustahkam Dyneema materialidan tayyorlangan.
Ayni paytda brend saytida oldindan buyurtma berish imkoniyati mavjud. Aksessuarning narxi $995 (Markaziy bank kursi bo‘yicha taxminan 12,4 mln so‘m).
Bundan oldin Balenciaga yopishqoq lenta shaklidagi narxi 3000 yevroni tashkil qiladigan bilaguzukni taqdim etgandi.
Gaffer Bangle deb nomlangan yopishqoq lentali bilaguzuk kundalik buyumlarning moda tushunchalari bilan yonma-yon turishini anglatadi.
Bilaguzuk moda uyining yangi kuz-qish 2024/2025 kolleksiyasidan aksessuar hisoblanadi.
Balenciaga har bir uyda topiladigan kundalik buyumni olib, uni hashamatli moda bayonotiga aylantirdi.
Shuningdek, Balenciaga g‘ijimlangan chips paketi shaklidagi hamyonlarni chiqargani haqida e’lon qilgandi.
Qayd etilishicha, yangi hamyon brendning 2025-yil yozgi kolleksiyasidagi aksessuar hisoblanib, narxi ma’lum qilinmagan.