O‘zbekistonda ekologik talablarga javob bermaydigan 2 mingdan ortiq avtomobil haydovchilariga choralar ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
10-avgustdan 10-sentabrgacha “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida bu jarayon 10-sentabrdan 10-oktabrgacha davom etadi.
Aksiya avtomashinalarning ekologik holati va ulardan chiqadigan tashlamalardagi ifloslantiruvchi moddalarning belgilangan me‘yorlarga muvofiqligini nazorat qilish orqali davlat ekologik nazoratini amalga oshirish uchun o‘tkazilmoqda.
Uning birinchi bosqichi 2025-yil 10-apreldan 10-maygacha o‘tkazilib, aksiya doirasida mutaxassislar tomonidan zamonaviy vositalar yordamida jami 251 858 ta avtomobil tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada 2222 ta transport vositasida belgilangan me‘yorlarga zid holatlar (umumiy tekshirilganlarning 0,9% i) aniqlanib, har bir holat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
“Ikkinchi bosqichning o‘tkazilishi mamlakatdagi atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish va transport vositalarining texnik holati ekologiyaga ta‘sir qiluvchi muhim omil ekanini anglatishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
2024-yili o‘tkazilgan “Toza havo” oyligining birinchi bosqichida havoni ifloslantirayotgan 303 nafar haydovchiga nisbatan jami 50,1 mln so‘m jarima qo‘llanilgan edi.
Avvalroq Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni 80 km/soatgacha oshirish taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.