Lola Sayfi — dizayner, Human House galereyasining asoschisi, doimiy rahbari.

Human Hause’ning ochilishi 2000-yillarga borib taqaladi. Lola Sayfi o‘zining rassom, dizayner do‘stlari bilan kichik do‘kon ochadi. Ularga Toshkentda faqatgina kiyim-kechak sotib olish emas, balki ruhiyatga yaqin bo‘lgan narsalarni topish mumkin bo‘lgan joy yetishmayotgandek tuyilardi — qo‘lda yasalgan, o‘z tarixiga ega bo‘lib xarid qiluvchining shaxsini aks ettiradigan mualliflik liboslari singari.

Bu yil loyiha 25 yoshga to‘lib, o‘zida 260 dan ortiq usta-hunarmandlarni jamlagan. Shu vaqt mobaynida loyiha ko‘rgazmalar taqiqi, binoni buzib sotishga urinishlar-u QQS’ga o‘tish kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Shunga qaramasdan, Human House jamoasi O‘zbekiston madaniyati, qadriyatlari va hunarmandchiligini targ‘ib qilishni davom ettirmoqda.

Lola Spot’ga loyihani qanday boshlangani, nima uchun u yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgani hamda O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qanday tizimli muammolar to‘sqinlik qilayotgani haqida gapirib berdi.


Avvalroq, loyihani uch nafar hamkor bilan boshlaganingiz, asosiy yo‘nalishingiz Human Wear kiyim-kechak bo‘lgani haqida gapirib bergandingiz. Loyiha qanday boshlangandi? Nima sababdan aynan Human nomini tanlagansiz?

Hammasi liboslardan boshlangan. Maktabdanoq o‘zgacha ko‘rinishni xohlab, doim o‘zimga kiyim tikardim. Esimda, komsorgbo‘lsam-da, “Tinchlik”, “Mehnat”, “May”, “Komsomol” nishonlari qadalgan nimchada yurardim. Hamma narsa qoidalarga muvofiq bo‘lsa-da, direktor bundan xursand emasdi, shuning uchun onamni maktabga chaqirishardi.

Bolaligimdan hammаdan ajralib turishga intilardim. Institut davrida qarindoshlarimning, ayniqsa onamning sabr-toqati tugab borardi. An’anaviy o‘zbek mahallasida yashardik va onam men bilan ko‘chada yurishdan xijolat bo‘lardi. U doim: “Bu jinsi shimda faqat mening jasadim ustidan o‘tasan!”, — derdi. Yuzimiz yuzimizga tushmasligi uchun uydan mendan ertaroq chiqib ketishga harakat qilardi va tinimsiz: “Odamga o‘xshab kiyinsang-chi!”, deb yolvorardilar.

Do‘stlarim bilan loyihamizga qanday nom qo‘yishni muhokama qilayotganimizda esa ularga: “Chelovecheskaya O!dejda”, — deb atashni taklif qilgandim. Hammani insoniylik bilan kiyintirish uchun. Shunday qilib, nom birinchi rus tilida paydo bo‘lgandi, keyin Human Wear bo‘lib ingliz tiliga o‘tdi.

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Keyinchalik, nafaqat kiyim-kechak, balki boshqa narsalar bilan ham shug‘ullanayotganimiz sabab Human House vujudga keldi.

Hozirda bizda kiyim-kechakning ikki yo‘nalishi mavjud: mavsumiy buyumlar hamda ilhomdan tug‘ilgan ko‘rgazmalar uchun kolleksiyalar. Har kuni kimdir Human Wear’dan biror narsa xarid qilib, bizni quvontiradi. Bilasizmi, turli-tuman narsalar orasidan aynan sizning mahsulotingizni tanlashlari yoqimli. Keyinchalik to‘satdan uni qayerdadir — metroda, samolyotda yoki boshqa mamlakatda uchratib qolasiz-da, tushunasiz: bu axir o‘zingizniki.

Loyiha boshlanganidan necha yil o‘tgach Gulnora Karimova bilan muammolar yuzaga keldi? Siz bergan intervyularingizdan birida hattoki moda ko‘rgazmalarida qatnashishingiz taqiqlab qo‘yilganini aytgan edingiz, shunday emasmi?

O‘zimiz yiliga ikki marta “Katta chiroq shaharlari” nomli ko‘rgazma o‘tkazardik. Uning g‘oyasi oddiy edi: bir tomondan, modelyerlarga chindan ham odamlar kiyishni xohlaydigan narsalarni tikish haqida o‘ylashga turtki berish. Boshqa tomondan esa kishilarga kelib mualliflik kiyimlarini darhol xarid qilish imkoniyatini yaratish. Ko‘rgazmadan so‘ng, kolleksiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri galereyaga o‘tkazilardi. Biz bir necha yil shu tarzda ish olib bordik.

Keyin g‘alati voqealar sodir bo‘la boshladi. Gulnora Karimovaning jurnali chop etilib, uning birinchi muqovasida men tasvirlangandim. Shundan so‘ng ular muntazam ravishda bizning ko‘rgazmalarimizdan olingan suratlarni e’lon qilishni boshlashdi, ammo bu “inson kiyimi” ekanligi haqida hech narsa yozishmasdi.

Keyin ahvol yomonlasha boshladi. Biz Wyndham mehmonxonasida ko‘rgazma o‘tkazishni rejalashtirgandik, birdaniga qo‘ng‘iroq keldi: “Barcha tadbirlar bekor qilindi”. Keyinroq bildikki, bu hammaga emas, faqat bizga tegishli bo‘lgan ekan. MXXdan tashkilotchilarning oldiga kelib: “Yopinglar. Yopmasangiz, mamlakatdan chiqarib yuboramiz”, deyishdi. Biz vaziyatni tushunib, faoliyatimizni to‘xtatdik.

Ehtimol, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarimiz bizni qutqarib qolgandir. Ular kelib, mahsulotlarimizni sotib olish orqali bizni qo‘llab-quvvatlashdi. Shunday qilib, uzoq vaqt davomida oddiy hunarmandchilik do‘koni sifatida faoliyat yuritdik.

Shunday voqealardan so‘ng Moskvaga yashashga ketdingizmi?

Yo‘q, kurashishda davom etdik. Bizni Shveysariya elchisining qarorgohidagi namoyishga taklif qilishdi, keyin ko‘rgazma zalida yana bir namoyish bo‘lib, oxirgisini British Council bilan hamkorlikda “Toshkent” mehmonxonasida o‘tkazishni rejalashtirayotgandik. Xalqaro hamkorimiz bo‘lsa balki bizga tegishmas, deb o‘yladik.

Ko‘rgazma boshlanishi bilanoq chiroqlar o‘chib qoldi. “Butun tumanda avariya tufayli elektr energiyasi yo‘q”, deb aytishdi. Biroq, bir soatdan so‘ng liftda pastga tushayotganimizda, hamma narsa yana ishlayotgandi. Aynan shu paytda hamma narsani fahmlagandim.

British Council bizni qo‘llab-quvvatladi: ertasi kuni butun namoyish, barcha dekoratsiyalar elchining qarorgohiga ko‘chirildi. O‘sha yerda o‘tkazdik. Biroq, namoyishning ayni o‘rtasida, go‘yo hamma narsa qarshilik ko‘rsatayotgandek, qattiq jala quya boshladi. Shunda men: bo‘ldi, bas, degan qarorga keldim.

Keyinchalik loyihalarni Moskvada rivojlantira boshladim. Toshkentdagi Human House esa kichik galereya-do‘kon sifatida faoliyatini davom ettirdi. Odamlar uni bilar va u yerga baribir kelib turishardi. U o‘zini kamtarona, ammo ishonchli tarzda saqlab qolayotgandi.

“Human House” aslida “SUM” yaqinidagi kichkina yerto‘ladan boshlangan, keyinchalik esa Shota Rustaveli ko‘chasidagi “kvartira"da davom etgan. Bu noyob uyni qanday topganingizni aytib bera olasizmi? Bu shunchaki taqdir taqazosimidi?

Aslini olganda niyatning kuchiga umuman ishonaman. Ishonchim komilki, agar siz to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsangiz — shunchaki orzu qilibgina qolmay, balki har kuni biror narsa qilsangiz — koinot buni his qiladi. Shunda u sizga yordam bera boshlaydi. Xuddi shunday bo‘lgan ham.

Har kuni ertalab soat sakkizda “ov"ga chiqardim — e’lonlarni ko‘zdan kechirar, uyma-uy yurar, odamlar bilan gaplashardim. Bir kuni dugonam: “Ivliyev ko‘chasidagi sobiq “Darvesh” ijaraga berilayotgan ekan”, deb qoldi. Men borib ko‘rdim-u, shu zahoti angladim: bu aynan o‘sha joy. Mening joyim.

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Uyni ta’mirlash hamda qayta tiklashga taxminan $60 ming mablag‘ sarfladik. Shundan so‘ng esa tugamaydigan jarayon boshlandi. Uy xuddi tirik mavjudotdek, doimo mehr va e’tibor talab qiladi: bir joyini ta’mirlash, boshqa joyini yangilash, nimanidir yaxshilash kerak bo‘ladi. Hozirgacha bu ishlar bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz.

2020-yilda Human House joylashgan bino atrofida yomon voqealar yuz berdi — binoni buzib tashlash uchun sotmoqchi va o‘rniga mehmonxona qurmoqchi bo‘lishdi. Siz bu davrni, ayniqsa karantin avj olgan paytda, qanday o‘tkazdingiz?

Uyni endigina tartibga keltirishga ulgurganimizda — bizdan oldin bu yerda ijara to‘lamaydigan va sarmoya kiritmaydigan beshta restoran bo‘lgan ekan, xo‘jayini ularning hammasidan norozi edi. Ular bilan jiddiy va uzoq muddatga mablag‘ kiritishimiz, lekin barqarorlik istashimiz haqida kelishib oldik. Qayta ta’mirlash ishlarini tugatishimiz bilanoq, u ijara haqini keskin ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Bu amalga oshmadi — shunda u: “Endi sotaman”, dedi.

Uyni xarid qiladigan odamni o‘zimiz topdik. Yosh yigit kelib, tabassum qilib, biz bilan choy ichib, hamma narsani tushunishini aytdi. Keyin ko‘chada turib, kimdir bilan binoni buzib, o‘rniga to‘rt qavatli mehmonxona qurish haqida baland ovozda gaplashayotganini tasodifan eshitib qoldik. Shundan so‘ng darhol harakatga tushdik. Bu voqealar xuddi kinodagidek bo‘ldi. Uyimizdan ayrilish xavfiga qanchalik yaqin kelganimizga hali ham ishongim kelmaydi.

Bizni mo‘jiza hamda ayollar birdamligi qutqardi. Bu hikoyani bir ayol sarmoyador eshitib qoldi: uni dugonasi olib kelgandi. Vaziyatni ko‘rib, samimiy gapirdi: “Bu menga foyda keltirmaydi. Ammo sizlarga yordam beraman”, deb uyni sotib oldi. Agar u bo‘lmaganida, hozir siz bilan bu yerda o‘tirmagan bo‘lardik.

Bunga qadar biz biroz mablag‘ to‘plashga ulgurdik — kraudfanding o‘tkazildi, shahar aholisi, ustalar va do‘stlar qo‘llaridan kelganicha yuborishdi. Bularning barchasi birgalikda xaridga sarflandi.

Yaqinda Human House yana bir shov-shuvli voqea — qo‘shilgan qiymat solig‘iga (QQS) o‘tish masalasi markazida qoldi. Siz ochiq murojaat yozib oldingiz, bu mavzu keng muhokama etildi. Natija berdimi? Biron narsa o‘zgardimi?

Yo‘q, hech narsa o‘zgarmadi. Garchi butun dunyoda kreativ iqtisodiyot alohida tizim ekanligi tushunchasi allaqachon mavjud bo‘lsa-da. Bu an’anaviy biznes emas. Bu sohadagi odamlar har kuni yangi narsalar yaratadi: boshqa hech qayerda topilmaydigan matolardan tayyorlangan buyumlarni ko‘paytirish imkonsiz. Biz chek va terminallari bo‘lmagan ustalar, bozordagi kampirlar bilan ishlaymiz. Biroq, aylanmadan soliqni halol to‘laymiz — o‘zimiz uchun ham, 260 hunarmand uchun ham.

Bizni QQSga o‘tkazishganda, tushuntirmoqchi bo‘ldim: ijodiy biznes uchun 12% QQS va 15% daromad solig‘i aylanmadan 25% ga aylanadi. Bizda esa haqiqiy foyda — ko‘pi bilan 10−15%. Bu zararli. Natijada, soliq idorasidan tortib prezident ma’muriyatigacha barcha instansiyalardan odamlar keldi. Tizimli yechim o‘rniga menga ikkinchi kompaniya ochishni taklif qilishdi. Ya’ni soliqchilarning o‘zlari noqonuniy sxemani maslahat berishdi.

Murojaatimdan so‘ng menga qarshi sud ishi ochildi, jarima solindi, tekshiruvlar boshlandi. Shundan keyin ko‘pchilik: “Xo‘sh, masala hal bo‘ldimi?”, deb so‘radi. Yo‘q. Masala hanuzgacha hal etilmagan.

human house, kreativ iqtisodiyot, lola sayfi

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Kreativ sanoat to‘g‘risida qonun mavjud, u 2024-yil oktyabrda qabul qilingan va hatto “O‘zbekiston-2030″” strategiyasiga kiritilgan. Ammo amalda ishlamayapti. Mexanizmlar yo‘q. Kim ularni ishlab chiqishi kerakligini hech kim tushunmaydi — hamma bir-birini ko‘rsatadi. Axir bu faqat mening muammoyim emas.

Kichik kafeler, mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari — O‘zbekistondagi butun ijodiy muhit aziyat chekmoqda. Biz keyinchalik rivojlanishga sarmoya kiritish uchun “kuch to‘plashga” ulgurmayapmiz. Bizni boshidanoq bo‘g‘ishyapti.

Masalan, Buyuk Britaniyada kreativ iqtisodiyot allaqachon neft-kimyo va aerokosmik sohalarni birgalikda ortda qoldirgan. Bizda ham iste’dodli odamlar ko‘p, biz ham o‘sishimiz mumkin edi. Ammo hozircha — faqat qancha biznes ochilgani haqidagi hisobotlar bor, xolos. Qanchasi yopilgani haqida esa lom-mum deyilmaydi.

Menimcha, bizning mamlakatimizda hali bu modelni to‘liq tushunishmayapti. Hamma turar-joy majmuasini qurish, nimanidir tezda sotib, birdaniga pul ishlashni xohlaydi.

Masalan, tashlandiq zavodga sarmoya kiritib, uni ijodiy markazga aylantirishimiz mumkin: ustaxonalar, kafelar, galereyalar, kutubxonalar va konsertlar bilan. Bu ish o‘rinlari yaratib, odamlarni birlashtiradi, muhitni rivojlantiradi. Nima uchun biznes bu yo‘nalishda harakat qilmasligi kerak?

Dunyoda bunday misollar ko‘p. Nyu-York va Londondagi Soxo tumanlari bir paytlar “tushkunlikka” tushgan, hozir esa eng qimmat hamda zamonaviy mavzelardan biriga aylangan. Moskvada — Vinzavod, Flakon, “GES-2” bor. Bundan tashqari, ko‘cha taomlari markazlari ham mavjud, u yerda siz kichik joyni ijaraga olib, katta xarajatlarsiz o‘z loyihangizni boshlashingiz mumkin.

Bizda ham bu mumkin. Kimningdir bo‘sh joyi bo‘lsa — bizga xabar bering. Uni mazmun bilan to‘ldirish yo‘lini o‘ylab topamiz.

Hozirda Human House foyda keltirayaptimi?

Mish-mishlar tarqalgan, go‘yoki biz shug‘ullanayotgan ish juda katta daromad keltirarmish. Shunday bo‘lishini istardim. Ammo, afsuski, unday emas.

Biroq, biz aniq oyoqda turibmiz: kommunal to‘lovlarni to‘laymiz, ish haqlarini beramiz, ko‘plab bepul loyihalarni amalga oshiramiz, hatto rivojlanish uchun oz-ozdan jamg‘arib boramiz. Shunday qilib uyni sotib olish uchun mablag‘ning bir qismini to‘pladik. Hozirda uy mening nomimga rasmiylashtirilgan. Lekin men bu yerda baland mehmonxona qurmoqchi emasman — loyihani rivojlantirmoqchiman.

Asosiy daromadimiz sotuvdan keladi. Tadbirlar esa ko‘proq targ‘ibot uchun xizmat qiladi. Ular yaxshi holda o‘zini qoplasa qoplaydi, lekin foyda keltirmaydi. Ammo bizga tanilish imkonini beradi. Doim aytaman — mijozingizga qanchalik ko‘p o‘rgatsangiz, u sizning ishingiz qiymatini shunchalik ko‘p tushunadi.

Mahsulot qiymatini qanday to‘g‘ri aniqlash kerak? Narxni ustaning o‘zi belgilaydimi?

Human House’ga hunarmandlar kelib, o‘z buyumlarini ko‘rsatishadi-da: “Buni qancha turishi mumkinligini bilmayman”, — deyishadi. Shunda biz har safar ular bilan bir xil mavzuda — tannarx va narx shakllanishi haqida suhbatlashamiz. So‘raymiz: ipga qancha sarf qildingiz? Ishga qancha vaqt ketdi? Bozorda shunday buyum qancha turadi? Shu tarzda narx shakllanadi — bu jarayon har bir usta bilan alohida amalga oshiriladi.

Ba’zan esa aksincha bo‘ladi — kishi o‘z qo‘li bilan biror narsa yasaydi-yu, undan voz kechishi qiyin bo‘ladi. U “Buni hatto million so‘mga ham sotmayman”, deyishi mumkin. Haddan tashqari yuqori narx qo‘yilganda, tushuntiramiz: agar narx juda baland bo‘lsa, buyum shunchaki qolib ketadi. Biz imkon qadar ko‘proq odam xarid qila olishi uchun mahsulot sifatini pasaytirmasdan narxini arzonlashtirishga harakat qilamiz.

Hozirda 260 dan ortiq hundarmadlarimiz bor. Ammo ularning ko‘pchiligida biznes ko‘nikmalari yo‘q: ular qo‘llari bilan ajoyib narsalar yasashni bilishsa-da, masalan, yakka tartibdagi tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish, buxgalteriya hisobini yuritish yoki soliqlar bilan ishlashni bilishmaydi.

Yaqinda bir rassomga Didox tizimida shartnomani qanday rasmiylashtirish kerakligini tushuntirdim. Boshqa bir usta bilan esa bir hafta davomida QQSga qanday ulanish haqida gaplashdik — u baribir hech narsani tushunmadi. Bizga esa hamma narsa rasmiy bo‘lishi kerak, aks holda soliq yuki bizni bo‘g‘ib qo‘yadi.

Hozirda mavjud loyihalarni rivojlantirish hamda yangilarini yo‘lga qo‘yish uchun ikkinchi qavatni qurmoqchisiz. Uyning o‘zi noyob materiallardan qadimiy o‘zbek usulida qurilganini hisobga olgan holda, qurilish jarayoni qanday tashkil etiladi?

Hozirda ichkarida taxminan 180 kv.m, tashqarida esa yana 70 kv.m maydonimiz bor.

Uyning o‘zi tarixiy ahamiyatga ega, shu bois biz nafaqat uning muhitini, balki qurilish texnologiyasini ham saqlab qolmoqchimiz. Ko‘pchilik: “Gipsokartondan qurib, ustidan paxsa bilan qoplasangiz, hech kim farqini sezmaydi”, — deb maslahat berishdi. Ammo boshqacha yo‘l tutdik: eski devorlarga ortiqcha yuk tushmasligi uchun karkas metalldan foydalanamiz, ikkinchi qavatning devorlari esa haqiqiy, an’anaviy o‘zbek materiallaridan quriladi. Hatto me’morlarni eski uylarning qismlari — to‘sinlar, pollar, romlar olib keltiriladigan sobiq qurilish materiallari bozoriga ham olib bordim. Mana shu materiallardan foydalanamiz.

Agar rejamiz amalga oshsa, loyihani arxitektura mukofotiga taqdim etishni orzu qilaman. Chunki, bunday ishni hali hech kim qilmagan.

Ayniqsa, hovlimizni juda qadrlaymiz. Odamlar xavotirda: “Qayta qurishdan so‘ng hovli yo‘q bo‘lib ketmaydimi?”. Yo‘q, albatta. Bu uyning yuragi, uni saqlab qolamiz. Lekin uning yonida, ikkinchi qavatda kutubxona barpo etmoqchimiz. Bizda san’at, hunarmandchilik, tarix, arxeologiya bo‘yicha ko‘plab kitoblar bor — ulardan hamma foydalana olishini istaymiz.

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Sizningcha, uyni tasavvur qilganingizdek ko‘rinishda qayta qurish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?

$200 ming zarur, shunda rejalarimizni to‘liq amalga oshira olamiz. Ozgina jamg‘armamiz bor — asta-sekin yig‘ib borgan edik. Lekin bu summadan boshlay olmaymiz, chunki qurilish cho‘zilib ketib, botqoqqa botib qolishimiz mumkin.

Arxitektorlarning fikricha, agar butun mablag‘ qo‘limizda bo‘lsa, loyihani uch oyda yakunlash mumkin. Albatta, buni yilning iliq faslida bajargan ma’qul. Bunday uyga jon kiritish va barcha ishlarni sifatli bajarish juda muhim.


Intervyuni to‘liq rus tilida tomosha qilishingiz mumkin: