Yangi Toshkentda metropoliten liniyasi 2026-yil oxirigacha qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchta bekatdan iborat metro liniyasining uzunligi 8 km.ni tashkil etadi. U “Do‘stlik” bekatidan Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yo‘nalishning bir qismi bo‘ladi. Dastlabki loyihalarda to‘rtta stansiya qurilishi ko‘zda tutilgan edi.
Loyiha qiymati $110 mlnga baholanmoqda, shundan $11 mlni 2025-yilda, qolgan $99 mlni esa 2026-yilda o‘zlashtiriladi.
Investor Turkiyaning Xvav Yapi Sanayi Ve Tic.A.S.kompaniyasi hisoblanadi. Nomidan kelib chiqib, u qurilish, sanoat va savdoga ixtisoslashgan.
Yangi Toshkent metrosi
May oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov davlat rahbari huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda Toshkent shahrini Yangi Toshkent bilan bog‘lovchi transport infratuzilmasini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
“Prezidentimiz Do‘stlik metrosi orqali yangi shaharni Toshkent bilan bog‘laydigan yana bir metro liniyasini qurishni topshirgandi. Taqdimotda mazkur loyiha bo‘yicha ham ishlarni boshlash vazifasi berildi”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Iyun oyida Do‘stlik bekatidan Yangi Toshkentgacha bo‘lgan metro liniyasining uzunligi 21 km bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Yo‘nalish to‘qqizta bekatni o‘z ichiga oladi. Yangi metro liniyasi kuniga 230 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov Yangi O‘zbekiston ko‘chasi — Yangi O‘zbekiston bog‘i hamda Olimpiya shaharchasi chorrahasi bo‘ylab Yangi Toshkentga metro liniyasini qurish ishlari faol olib borilayotganini qayd etdi. May oyida Gazeta Yangi O‘zbekiston bog‘i yaqinida metropolitenning yer osti qismi qurilishi haqida reportaj e’lon qilgandi.
Odilovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning Dogus Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihada yer usti va yer osti metro qurilishi texnologiyalari qo‘llaniladi.
Loyihani amalga oshirishga Turkiyaning Arccon Project va Rossiyaning Mosinjproyekt injiniring kompaniyalari ham jalb etilgan. E’lon qilingan lavhalarga ko‘ra, 1 km yer osti uchastkasining qiymati $8 mlnni tashkil etadi.
Avvalroq Koreyaning KDHC kompaniyasi Yangi Toshkentda isitish tizimlarini joriy etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Kompaniya O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishda qatnashishni rejalashtirmoqda.