Avvalroq Spot 2025-yil 13-avgustdan boshlab Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasman ishlay boshlagani haqida yozgandi. Endi mamlakat aholisi SpaceX kompaniyasining past orbitali sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘iga qonuniy ravishda ulanishlari va eng chekka hududlarda ham barqaror internetga ega bo‘lishlari mumkin.
Xususiy foydalanuvchilar uchun bir nechta tariflar mavjud. Residential Lite tarifi oyiga 23 ming tenge (Markaziy bank kursi bo‘yicha taxminan $43), standart Residential esa 31 ming tenge ($57,5) turadi. Ikkala tarif ham cheksiz kirish imkonini beradi, ammo Lite ustuvorligi pastroq va tig‘iz paytlarda tezlik pasayishi mumkin.
Sayohat qilayotgan yoki yo‘lda ishlayotganlar uchun Roam tariflari mavjud. 50 GB cheklangan versiya oyiga 26 ming tenge ($48), cheksiz versiya esa 52 ming tenge ($96,5) turadi.
Biznes foydalanuvchilariga Local Priority turkumi taklif etilmoqda. Tarif narxlari ustuvor trafik hajmiga qarab belgilanadi: oyiga 50 GB uchun 28 ming tenge ($52), 500 GB uchun 72 ming tenge ($133), 1 TB uchun 127 ming tenge ($235), 2 TB uchun 237 ming tenge ($440). Bunda foydalanuvchilar past tezlikda — 1 Mbit/s gacha cheksiz internetdan foydalanish imkoniyatini saqlab qolishadi. Qo‘shimcha hajm ham xarid qilish mumkin: 50 GB 11 ming tengega ($20,5) yoki 500 GB 55 ming tengega ($102) narxida taqdim etiladi.
Starlink interneti Qozog‘istonda 2024-yil fevral oyida, uskunalarning birinchi partiyasi mamlakatga olib kelinganidan beri sinov rejimida ishlayotgan edi. Uni mamlakat shimoli va janubidagi — Oqmola va Turkiston viloyatlaridagi qishloq maktablari o‘rtasida taqsimlashdi.
SpaceX va Qozog‘iston Raqamli texnologiyalar vazirligi joriy yilning iyun oyida shartnoma imzolagan edi. Amerika kosmik kompaniyasi Qozog‘iston qonunchiligiga, jumladan, axborot xavfsizligi va aloqa sohasidagi qonunchilikka rioya qilish majburiyatini oldi.
Starlink saytida Qozog‘iston sun’iy yo‘ldosh interneti allaqachon mavjud bo‘lgan mamlakatlar qatorida ko‘rsatilgan. Shuningdek, xizmat Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonda ham ishlaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida 2025-yil oxirigacha ishga tushirilishi kutilmoqda.
Starlink’ning O‘zbekiston bozoriga chiqishi 2023-yilda rejalashtirilgan edi. Ayni paytda u 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. Avvalroq servis saytida 2025-yil sanasi ko‘rsatilgan edi, biroq muddat ko‘chirildi.
O‘zbekkosmos agentligi vakili Muhiddin Ibragimov ilgari tushuntirib o‘tganidek, mamlakatda optik tolali infratuzilma allaqachon yaxshi rivojlangan bo‘lib, aloqa tizimining aholi punktlariga kirib borish darajasi ancha yuqori hisoblanadi.
Qozog‘iston katta hududi va aholisining kamligi sababli sun’iy aloqa yo‘ldoshini faol rivojlantirmoqda. Qo‘shni davlatdan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda optik tolali aloqa ancha rivojlangan va uning aholi punktlariga kirib borish foizi “juda yuqori” dedi u.
Muhiddin Ibragimov, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasining maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish muhimligini ta’kidlab, yer usti infratuzilmasini qurishga nisbatan uning qimmatligini ta’kidladi.
“Agar sun’iy yo‘ldosh aloqasi ishga tushirilsa, internet bepul bo‘ladi, degan gaplarni eshitamiz. Aslida bunday emas, chunki sun’iy yo‘ldosh qimmat texnologiya hisoblanadi”, — deya xulosa qildi u.
“Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida turli guruhlarni joylashtirish bo‘yicha keyingi muzokaralar olib borilmoqda. Bunda o‘ziga xos tartib-qoidalar va byurokratik jihatlar bor. O‘ylaymanki, bularning barchasi o‘z vaqtida [amalga oshiriladi]. Ammo aniq sanasini bilmaganim uchun ham bu savolga aniq javob berishga tayyor emasman”, — dedi u.
Starlink — bu Yerdan taxminan 550 kilometr balandlikdagi past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali ishlaydigan global internet tizimi. Bu tizim yuqori tezlik va past kechikish bilan ishlaydi, shu tufayli foydalanuvchilarga hatto shaharlardan uzoqda ham videoaloqa, striming va boshqa onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Avvalroq Spot O‘zbekkosmos SpaceX bilan sun’iy yo‘ldosh uchirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.
Agentlik Janubiy Koreya Aerokosmik administratsiyasi bilan kosmik texnologiyalar sohasi, Fransiyaning Novaspace kompaniyasi bilan esa 2035-yilgacha mo‘ljallangan kosmik strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv tuzdi.