Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlat rahbari so‘zining avvalida O‘zbekistonda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalq og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot — tadbirkorlarning jasorat bilan qilayotgan mehnati, tashabbus va izlanishi mahsuli ekanini qayd etdi.
Bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni ekani ta’kidlandi.
“Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla — faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi. Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar haqida kelishib olamiz”, — dedi davlat rahbari.
Prezident islohotlarning ilk kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishilganini qayd etdi.
O‘tgan sakkiz yilda mamlakat iqtisodiyotining ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda $230 mlrd investitsiya kirib keldi, shundan $120 mlrddan ortig‘i — xorijiy sarmoya.
“Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin biz buni uddaladik”, — dedi prezident.
Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2% ga o‘sgani ta’kidlandi.