Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda o‘tgan sakkiz yilda mamlakatga $230 mlrd investitsiya jalb qilingani, shundan $120 mlrddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi qayd etildi.
Poytaxt va viloyat markazlaridagi korxonalarini mehnat resursi, bo‘sh yeri ko‘p tumanlarga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tekstil sohasidagi tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi. Prezident ishchi kuchi ko‘p talab qiladigan boshqa tarmoq korxonalari ham bunday tashabbus bilan chiqsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytdi.
Arzon xomashyo bilan ta’minlash maqsadida 2028-yilgacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etilmoqda. Lekin bunday muammo sanoatning boshqa sohalarida ham borligi qayd etildi.
Jahon banki ekspertlari ham tarif siyosati ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi kerakligini aytmoqda. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha sohalardagi tadbirkorlardan bu yo‘nalishda 130 ta murojaat kelib tushgan.
Davlat rahbari bosh vazirning iqtisodiyot va investitsiyaga mas’ul o‘rinbosarlariga 1-noyabrga qadar har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.
Endilikda import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada ko‘rsatilgan hajm uchun beriladi.
Ayrim mintaqalardagi notinchliklar oqibatida tashqi bozorlardagi tebranishlar, logistikadagi uzilishlar eksport tushumlarining kechikishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.
Bunday sharoitda o‘zi shundoq ham puli tushmayotgan tadbirkorlar muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima to‘layapti. Bu masalani juda ko‘p to‘qimachilik korxonalari va meva-sabzavot eksportchilari ko‘tarib, yengillik so‘radi.
Davlat rahbari muammoning yechimini aytdi — endilikda davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinadi.
O‘tgan hafta o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Unga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi. Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladi.
Avvalroq ayrim sohalardagi tadbirkorlar aylanma mablag‘i uchun $500 mln ajratilishi haqida xabar berilgandi. To‘qimachilikda “ishonchli eksportchi” dasturi boshlanib, eksport oldi moliyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi va buning uchun $200 mln yo‘naltiriladi.