Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda o‘tgan sakkiz yilda mamlakatga $230 mlrd investitsiya jalb qilingani, shundan $120 mlrddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi qayd etildi.

Muloqotda o‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddat ichida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshlagani ta’kidlandi.

Masalan, 1 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 mlrd so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 mlrd so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.

O‘tgan yili aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400−500 mlrd so‘mlik marrani zabt etdi.

Biznesni soyadan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ko‘paytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22% ga yoki 4,6 trln so‘mga oshirdi.

O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 mln so‘mga yaqinlashdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda ilk ochiq muloqotdan buyon shu kungacha tadbirkorlarning 1 mingga yaqin tashabbusi qonunchilikda o‘z aksini topgani qayd etildi. “Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi o‘zining kundalik hayotida his qilmoqda”, — dedi prezident.

Shu bilan birga, davlat rahbari bu galgi uchrashuv ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda o‘tayotganida ramziy ma’no borligini ta’kidladi.

“Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli bo‘ladi. Siz tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent — yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi. Bu yerdagi to‘liq „yashil“ texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilma sizlarning yangi-yangi g‘oya va tashabbuslaringiz uchun xizmat qiladi. Shuni bilingki, Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi”, — dedi prezident.

O‘tgan yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent’ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.

Avvalroq Yangi Toshkentning birinchi metro liniyasi qurilishi 2026-yil oxirigacha yakunlanishi haqida xabar berilgandi. Turkiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati $110 mlnni tashkil etib, uning doirasida 8 km uzunlikdagi 3 ta bekatdan iborat metro quriladi.