Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda o‘tgan sakkiz yilda mamlakatga $230 mlrd investitsiya jalb qilingani, shundan $120 mlrddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi qayd etildi.

Prezident unda yana bir muhim yangilikni e’lon qildi — 2026-yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Bunda, tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zida:

  • elektron raqamli imzo beriladi;
  • bankda hisobraqam ochiladi;
  • xohishiga ko‘ra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi;
  • kassa apparati soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
  • shu yo‘nalishga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi.

Natijada bu jarayonlar uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.

Biznes uchun kredit berishda soliq va kommunal to‘lovlar, aylanma hamda eksport hisobga olinadi. Kelgusi yildan muqobil skoring modeli ishga tushirilib, kredit berish shartlari osonlashtiriladi.

Davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksport qarzdorligi uchun jarima qo‘llashga moratoriy e’lon qilinadi. Davlat rahbari 1-noyabrgacha har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq chegara hududlarda klinika va mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ularni asbob-uskunalar bilan jihozlashga esa $200 mlnlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi.