Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar kuni munosabati bilan biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda ikki yil oldin aylanmadan soliq to‘lovchilar buxgalteriyasini soliqchi yuritadigan tizim joriy qilindi. Muloqotda bunday xizmatlar ko‘lami kengaytirilishi ma’lum qilindi.
Kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlar majburiyati bekor qilinadi.
Ushbu hisobotlarni soliqchilarning o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kunda hisobotga tuzatish kiritishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, hisobotni kechiktirgani uchun kichik va yirik biznes bir xil jarima to‘layotgani, eng yomoni — har bir hisobot turi uchun alohida-alohida jarima mavjudligi aytildi.
Soliq qo‘mitasiga 1-noyabrdan boshlab taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan soliq hisobotlari nechta bo‘lishidan qat’i nazar, yagona jarima qo‘llaydigan tizim yaratish topshirildi. Bunda kichik biznes uchun jarimalar miqdori 3 karra kamaytiriladi.
Prezident 20 mingdan ziyod tadbirkorga “amnistiya” eʼlon qilinib, soliq tekshiruvlari bo‘yicha 16 trln so‘mlik xato va kamchiliklar bo‘yicha jazo qo‘llanmasligini ma’lum qildi.
Avvalro, Spot yer va mol-mulk soliqlari maʼmurchiligi billing tizimiga integratsiya qilinishi haqida yozgandi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, soliq to‘lovchilarga xato va kamchiliklarni shaxsiy kabinet orqali qo‘shimcha jarimalarsiz bartaraf etish imkoniyati berilishi mumkin.