Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona turistik yig‘im to‘lamaydi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida aytib o‘tildi.

Taʼkidlanishicha, kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.

Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20% chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda — 30 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

Endilikda ayrim hududlarda joylashgan mehmonxonalar uchun yig‘im bekor qilinadi. Biroq, bundan Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlarda joylashgan mehmonxonalar mustasno.

5-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan mehmonxona sohasi va auditorlik tashkilotlari vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda mehmonxonalar uchun belgilangan turizm yig‘imini u joylashgan hududidan kelib chiqib o‘rnatish taklif etilgandi.

“Turistik yig‘imga e’tibor qaratilsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki, Toshkentdagi yulduzli yirik mehmonxonalardan ham, Surxondaryodagi kichik budjetga ega mehmonxonalardan ham bir xil miqdorda yig‘im undiriladi. Ulardagi xonalar narxi yuqori, bizda esa nisbatan past, biroq biz bir xil QQS va turizm to‘lovini to‘laymiz. Shuning uchun yig‘im miqdorini hududdan kelib chiqib, differensial tartibda belgilashni taklif qilmoqchiman”, — degan edi Surxondaryodagi Asson mehmonxonasi rahbari Oydin Sharafutdinova.

2022-yilning avgust oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan mehmonxonalardan turistlarni joylashtirish uchun yig‘imlarni undirishning yangi tartibi tasdiqlangandi. Hozirda mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari uchun turistik yig‘im miqdori xonalar sonidan kelib chiqib, BHMning 5%idan 15%igachani (20,6 ming — 61,8 ming so‘m) tashkil etadi.

Avvalroq, Spot Toshkentda xalqaro kompaniyalar boshqaruvidagi mehmonxonalar majmuasi ochilgani haqida yozgandi. Mehmonxonalarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi berilgan. Ular 3 yulduzli bo‘lib, 5 qavatdan iborat, 62 ta xona va 124 o‘ringa ega.