Toshkent metrosidagi barcha kassalar yil yakuniga qadar yopiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Toshkent metrosida yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjud. Metrodan kamdan kam foydalanuvchilar hamda poytaxt mehmonlari uchun bekatlarda chipta sotib olishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilmoqda.
Natijada kassa operatori lavozimidagi xodimlariga bo‘lgan talab kamayib bormoqda. Shundan kelib chiqib, yopilgan kassalardagi operator lavozimi ish o‘rinlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Birinchi bosqichda 204 ta kassa operatori lavozim shtatlari bekor qilindi.
Yil yakuniga qadar avtomatlashtirilgan bankomatlarni metroning barcha bekatlarida o‘rnatish rejalashtirilgan. Shu bois Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlari to‘liq tugatiladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, metropoliten ma‘muriyati tomonidan operator xodimlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Xususan, xizmat lavozimi qisqartirilayotgan har bir xodimga, o‘z istak va imkoniyatlaridan kelib chiqib, buxgalteriya, tikuvchilik va qandolatchilik kabi yo‘nalishlardagi kurslar taklif qilinadi. To‘lovlar esa belgilangan tartibda Toshkent metropoliteni tomonidan to‘liq qoplab beriladi.
Iyul oyi boshida metroning 13 ta bekatidagi ayrim kassalar naqd puldagi to‘lovlar uchun yopildi. Ayrim metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar xaridi keskin kamaygan. Ularning o‘rniga QR-chiptalarni sotib olish uchun maxsus terminallar o‘rnatiladi.
Avvalroq Yangi Toshkentning birinchi metro liniyasi qurilishi 2026-yil oxirigacha yakunlanishi haqida xabar berilgandi. Turkiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati $110 mlnni tashkil etib, uning doirasida 8 km uzunlikdagi 3 ta bekatdan iborat metro quriladi.