Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoy raisi Si Szinpin raisligida o‘tgan tadbirda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, SHHT bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi.

Mamlakat yetakchisi ushbu sammit global noaniqlik sharoitida o‘tayotganini qayd etdi. SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida davlat rahbari quyidagi masalalarga e’tibor qaratdi.

Birinchi navbatda, tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar bu vazifalarni hal etishga yordam berishiga ishonch bildirildi.

Davlat rahbari SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibiga yangi a’zolarni, jumladan, boshqa mintaqa davlatlarini qo‘shish zarurligini, bu tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam berishini ta’kidladi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik SHHTning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Shu ma’noda, davlat rahbari Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilishga chaqirdi. Deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanishi, BMT shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa bo‘lishi ta’kidlandi.

Transchegaraviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

“Biz keng mintaqamizda iqtisodiy hamkorlikning barqaror modellarini shakllantirish tarafdorimiz”, — dedi davlatimiz rahbari.

Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitimni imzolash hamda mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhimligi qayd etildi.

Ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish maqsadida SHHT doirasida Strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz, Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi bir qator yangi ko‘p tomonlama tuzilmalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini joriy etish taklif qilindi.

Davlat rahbari Shimol-Janub va Sharq-G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish, Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.

“SHHT yagona transport makoni"ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklar yaratishni nazarda tutuvchi konsepsiyani ishlab chiqish taklif etildi.

SHHTning “yashil” transformatsiya sohasidagi hamkorligini kengaytirish borasida iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini o‘tkazish, “SHHT universiteti” sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish hamda xalqlarni yanada yaqinlashtirishga kuchli turtki berishi ta’kidlandi.

“Sayyohlik yo‘lagi” va SHHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish taklif qilindi.

Majlis yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Xususan, Tyanszin deklaratsiyasi, SHHTni 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi.