O‘zbekneftgaz birja savdolarida AI-80 benzinini sotishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning iyul oyi oxirlarida davlat kompaniyasi bosqichma-bosqich yuqori oktanli (Ai-92) avtobenzin ishlab chiqarishga o‘tish va sentabrdan birja savdolariga faqat yuqori oktanli benzin joylashtirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekneftgaz tomonidan 2-sentabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotish to‘xtatildi.

O‘z navbatida AI-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga chiqarish hajmlari oshirildi. Shu vaqtgacha 1000 tonna AI-92 benzini savdolarga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu 1720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Shuningdek, kompaniya avgust oyida tadbirkor iste’molchilar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi benzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib berilishi ma’lum qildi.

AI-80 benzinidan voz kechish

2024-yil fevral oyida O‘zbekneftgaz va China National Petroleum Corporation o‘rtasida AI-80 benzin ishlab chiqarishni to‘xtatish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun ikki yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi, loyiha ishlari Xitoy sarmoyasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Aprel oyida O‘zbekneftgaz Fransiyaning Axens kompaniyasi bilan BNQIZni modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 2025-yilgacha Fast-Track rejimida parallel ravishda loyihalash va qurish bilan mos ravishda 60% va 40% hajmda yuqori oktanli AI-92 va AI-95 benzinlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Yillik 1 mln tonna benzin ishlab chiqarish Yevro-5 sinfiga javob beradi.

May oyida O‘zbekneftgazning qayta ishlash bo‘yicha sobiq rahbari Odil Temirov “Spot"ga Fransiyaning litsenziar Axens kompaniyasi o‘z texnologiyalaridan foydalanish uchun litsenziya kelishuvi bo‘yicha ishlarni boshlaganini ma’lum qilgandi.

“Asosiy loyihani ular (Axens — Spot tahririyati) sentyabrgacha yakunlashlari kerak. Shu bilan bir vaqtda, biz Xitoyning CNPC bo‘linmasi bilan hamkorlik qilmoqdamiz, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. AI-80 benzinidan voz kechish bo‘yicha ishlarni alohida amalga oshirmoqdamiz, bu [BNPZ]ni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish bilan bog‘liq emas. Noyabr-dekabr oylarida AI-91 va AI-92 ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. AI-80 dan butunlay voz kechish 2025-yilning boshidan boshlanadi”, deya ma’lum qildi u.

Odil Temirovning aniqlik kiritishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahsulotlarining 85%i AI-80 benziniga, qolgan 15%i esa AI-92 benziniga to‘g‘ri keladi. U qo‘shimcha qilishicha, 2024-yil noyabr oyidan boshlab bu nisbat yuqori oktanli yoqilg‘i foydasiga o‘zgara boshlaydi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida O‘zbekneftgaz AI-92 markali benzinni tovar-xomashyo birjasiga chiqarishni boshladi. Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish strategiyasiga amal qilishga va’da berdi.

Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Avvalroq Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan to‘liq taqiqni ikki oyga uzaytirgani haqida xabar berilgandi. Sentabr oyida taqiq barcha eksportchilarga tatbiq etiladi. Oktabrda esa benzin ishlab chiqaruvchilar uchun cheklovlar bekor qilinadi.