Kolleksion figuralar yaratuvchisi va Xitoyning Pop Mart kompaniyasi asoschisi Van Ning dunyoning eng boy 100 kishisi qatoridan joy oldi. Bloomberg’ning yozishicha, uning boyligi qisqa vaqt ichida qariyb $20 mlrdga oshib, $26,6 mlrdni tashkil etdi. Bu muvaffaqiyatning markazida esa Pop Mart kompaniyasi va uning eng mashhur qahramoni — Labubu turibdi.

Van Ningning hikoyasi oddiy savdo do‘konida boshlangan. U ota-onasining kichik biznesida tajriba orttirib, reklama sohasida bilim olgan, keyinchalik esa sherigi bilan $3000 bilan Pop Martni yo‘lga qo‘ygan. Bugun Pop Mart o‘yinchoqlari butun dunyoda kolleksionerlar orasida mashhurlik qozongan, Labubu esa TikTok va Instagram trendlariga aylangan.

Pop Martning kuchi faqat o‘yinchoq dizaynida emas, balki insonlarda bolalik xotiralarini uyg‘otadigan marketing strategiyasida hamdir. Shu bois brend mahsulotlari nafaqat bolalar, balki milleniallar va zumerlar orasida ham katta talabga ega.

Pop Martning paydo bo‘lishi

Van Ning 1987-yilda Xitoyning markaziy qismidagi Xenan viloyatida tug‘ilgan. Maktabdan keyin u ko‘p vaqtini ota-onasining kichik do‘konida o‘tkazib, savdo sirlarini o‘rgana boshlagan. Van do‘konda musiqali CD-disk-u videolardan tortib, qo‘l soatlari hamda baliq ovlash anjomlarigacha har xil turdagi mahsulotlarni sotardi.

2005-yilda Ning xususiy universitetning reklama yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. Talabalik davrini tarixga muhrlash ilinjida videolar suratga olib, montaj qilar, so‘ng CD’ga yozib bayram kunlari uyga borganda oila a’zolariga namoyish etardi.

Bu mashg‘ulot kursdoshlari orasida ham qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rib, Ning Days Studio nomli talabalar klubini tuzishga qaror qiladi.

brend tarixi, labubu, pop mart

Van Ning. Foto: Forbes

Klub montaj qilingan videolarni disk ko‘rinishida sotib, kichik daromad ham keltira boshlaydi. Ammo internet va ijtimoiy tarmoqlarning tez rivojlanishi klubning yopilishiga sabab bo‘ladi.

Shundan so‘ng, u 2008-yilda oliygohni bitirib Pekinga ko‘chib o‘tadi. Avval ta’lim kompaniyasida metodist bo‘lib, keyin esa mikrobloglar xizmati Sina Weibo’da ishlaydi. Aynan mana shu yerda yirik bizneslar soyasida qolishni istamasligini anglab yetadi.

Shu bois 2010-yilda talabalar klubi davridan sherigi bo‘lgan Lyuy Jan bilan birgalikda bor-yo‘g‘i $3000 bilan Pop Mart do‘koniga asos soladi.

Brendning ommalashuvi

Pop Mart’ning dastlabki katta muvaffaqiyati rassom Kenny Wong yaratgan Molly figuralari bilan bog‘liq. Ular shunchaki qo‘g‘irchoq emas, balki xaridor bilan “shaxsiy aloqaga” ega obraz sifatida taqdim etildi: Molly’ning burji, qon guruhi, sevimli mashg‘ulotlari va hatto qo‘rquvlari ham belgilab qo‘yildi.

Van o‘yinchoqlarni sirli paketlarda sotishni yo‘lga qo‘ydi va shu orqali “blind box” marketingini boshlab berdi. Bu g‘oya kolleksionerlar orasida ommalashib, sotuv hajmini keskin oshirdi — 2017-yilda $22 mln, 2018-yilda $73 mln, 2019-yilda esa kompaniya daromadining chorak qismi aynan Molly figuralaridan tushdi.

brend tarixi, labubu, pop mart

Molly. Foto: Amazon

Labubu “yovuz” emas, mehribon maxluq

2015-yilda gonkonglik rassom Kasing Lung yaratgan Labubu dastlab “The Monsters” loyihasi qahramoni sifatida tanildi. U tishli quloqlari va g‘aroyib qiyofasi sabab “yovuz” ko‘rinishi bilan esda qolsa-da, aslida u ijodiy xayolot va quvnoq kayfiyat timsolidir.

Labubu ko‘pincha yaponlarning mashhur Kewpie qo‘g‘irchog‘iga qiyoslanadi. O‘xshashlik bejiz emas: Kewpie XX asr boshida millionlab muxlislar orttirgan va hatto oziq-ovqat mahsulotlarida brendga aylangan. Labubu ham xuddi shunday yo‘lni bosib o‘tdi.

2019-yilda Pop Mart Lung bilan hamkorlik boshladi va 2023-yilda ilk Labubu figuralari sotuvga chiqdi. Tez orada u TikTok va Instagram trendlariga aylanib, yoshlar orasida katta mashhurlikka erishdi.

2024-yilda Labubuning ommaviylashuvi yangi bosqichga ko‘tarildi. Blackpink guruhining yulduzi Lisa Instagram’da Labubu bilan surat joylashtirgach, u global trendga aylandi.

brend tarixi, labubu, pop mart

Lisa. Foto: Vanity Fair

Oradan ko‘p o‘tmay, Riannaning Louis Vuitton sumkasida ham, shou-biznes afsonasi Sherning aksessuarida ham Labubu paydo bo‘ldi. Mashhurlar qo‘llagan bu detal qisqa muddatda o‘yinchoqni butun dunyo kolleksionerlari uchun orzu qilinadigan buyumga aylantirdi.

Pop Martning kengayishi

Bugun Pop Mart dunyo bo‘ylab 30 dan ortiq fabrika bilan hamkorlik qiladi. Har bir yangi kolleksiya yaratilishi — rassomlardan eskiz yig‘ishdan tortib, qadoqlash va sotuvgacha sakkiz oygacha davom etadi.

Kompaniya do‘konlar, onlayn platformalar va hatto maxsus vending mashinalari orqali savdo qiladi. 2020-yilda IPO o‘tkazib, birinchi savdolardayoq aksiyalarining narxi 80% ga oshdi. Pandemiyaga qaramay, onlayn savdolar hisobiga daromad 51% ga o‘sdi.

Pop Mart o‘yinchoqlar bilan cheklanib qolmayapti: 2023-yilda Pekinda Pop Land ko‘ngilochar bog‘ini ochdi va o‘z animatsiya studiyasini ishga tushirdi. Bu esa brendni yanada kuchli madaniy fenomena aylantirdi.

brend tarixi, labubu, pop mart

Kasing Lung. Foto: Boulevardbulgaria

Shu tarzda oddiy do‘kondan boshlangan Pop Mart bugun global brendga aylandi. Van Ningning tajribasi va ijodiy yondashuvi, Molly va Labubu kabi qahramonlarning muvaffaqiyati, hamda nostalgiya va emotsiyaga asoslangan marketing strategiyasi Pop Mart’ni butun dunyo kolleksionerlari uchun sevimli brendga aylantirdi.