2024-yilning 1-noyabridan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Ular bojxona hududida emas, balki Piskentdagi UzTest poligonida sinovdan o‘tkazila boshlandi. Biroq, bu qator navbatlarning shakllanishiga olib keldi — kutish davomiyligi bir necha kun, hatto oylab davom etdi.

Joriy yilning 2-sentabridan boshlab esa avtomobillarni UzTest majmuasida sinovdan o‘tkazish to‘xtatildi. Bunga rasmiy dilerlar va servis markazlari sonining oshishi sabab bo‘ldi.

Sinovlarning bojxona hududidan ushbu poligoniga ko‘chirilishi mamlakatga texnik reglamentga muvofiq transport turi ma’qullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani uchun sinovlarni birma-bir o‘tkazishga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2024-yilgacha faqat 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ular atigi 15 ta model uchun turini ma’qullash hujjatini olgan. Hozirda esa xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari 21 tani, turini ma’qullash hujjatlari esa 100 dan ortiqni tashkil etadi.

Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha idoralararo komissiyaning yig‘ilish bayoniga ko‘ra, 2 ta majburiy ko‘rsatkich bo‘yicha sinovlar rasmiy sotuvlar sonini oshirmagan. Aksincha, joriy yilning birinchi yarmida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan yengil avtomobillar soni 2024-yilga nisbatan 2693 donadan ortiqni tashkil etgan. Bu esa muvofiqlikni baholash infratuzilmasining mavjud emasligi, Piskent poligonida 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan navbatlar hamda aholi e‘tirozlari bilan izohlanadi.

Komissiya qarori bilan, yuridik shaxslarga muomalaga chiqarish uchun transport vositasining turini ma‘qullash hujjatining amal qilish muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Shaxsiy ehtiyoj uchun import qilinadigan bir dona avtotransport vositasini “elektromagnit moslashuvchanlik” va “haydovchi hamda yo‘lovchi xonasidagi havoga ajraladigan zaharli moddalar” ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlar bekor qilindi.

Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi muvofiqlikni baholash markazlarini tashkil etishga xususiy sektorni keng jalb etish va akkreditatsiya tizimini takomillashtirish yuzasidan prezident Administratsiyasiga aniq takliflar kiritishi kerak.

Raqobat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlar o‘rtasida avtotransport vositalarining narxlaridagi tafovutlarni tahlildan o‘tkazadi. Ular narxlarni maqbullashtirish va tartibga solish bo‘yicha choralar yuzasidan Administratsiyaga takliflar kiritishi lozim.

Spot O‘zbekistonda import qilingan avtomobillar muvofiqligini baholashga qo‘yilgan talablar nimalarga olib kelgani, yangi tartib bilan qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi borasidagi mutaxassislar fikrini bir joyga jamladi.


Iqtisodchi Otabek Bakirov bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tomonidan imzolangan protokol ayrim savollarni yuzaga keltirayotganini qayd etdi.

“Piskent poligonidagi sinovlar talabi protokol bilan bekor qilinayotgan bo‘lsa, avval ham u bilan kiritilganmi? O‘n oy davomida minglab o‘zbekistonliklar normativ-huquqiy hujjat bo‘lmagan protokol bilan sarson bo‘lgan, ularga qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqarganmi bu?”, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, protokolda qayd etilgan “shaxsiy ehtiyoj uchun import qilinadigan bir dona avtotransport vositasi” tushunchasi ham izoh talab qiladi: “bu yiliga bir martami, chorakda bir martami yoki hayotda bir martami?”, — ta’kidladi Bakirov.

Avtomobillar Piskent avtopoligonida tekshirila boshlangach rasmiy sotuvlar bo‘yicha keskin o‘zgarish bo‘lmagan, joriy yilning birinchi yarmida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan avtomobillar soni 2 693 taga oshgan. Bakirovga ko‘ra, bu import keskin kamaygan sharoitda qanday kuzatilgani savol uyg‘otadi.

“Kimning rasmiy sotuvlarida keskin o‘zgarishlar bo‘lmagan? Chayqovchi monopolistlarningmi? Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan avtomobillar soni oshgan degan iddao keskin qisqargan import raqamlariga to‘g‘ri kelmaydi-ku. Qani, chuqurroq ma’lumotlarni e’lon qilinglar. O‘zbekistonga, iqtisodiyotga va iste’molchilarga yetkazilgan zararni ko‘raylik”, — deydi u.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, protokolda Raqobat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlar o‘rtasidagi narx tafovutlarini tahlil qilish hamda narxlarni tartibga solish choralarini ishlab chiqish topshirig‘i ham xavotirli jihatlardan biri hisoblanadi.

Otabek Bakirov 2017-yilda tasdiqlangan avtotransport vositalari muvofiqligini tartibga soladigan texnik reglament amalda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan hujjat emasligini qayd etadi. Unga istalgan vaqtda protokol bilan o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Hozirda avtotransport vositalarini ma’qullashda nazarda tutilgan 62 ta talabdan atigi 25 tasi bo‘yicha sinov o‘tkazish imkoniyati mavjud. Bakirov xorijiy sinovlarni tan olish nima uchun murakkabligiga e’tibor qaratdi.

“Agar sifatli sinov o‘tkaza olmasak, majburiy ko‘rsatkich kiritishning nima keragi bor edi? Rivojlangan davlatlarda tan olingan sinovlarni qabul qilsak bo‘lmasmidi? Ulardan 37 tasi tan olingan, qolganini ham qabul qilish mumkin emasmidi? Bizdan 5−20 karra boy Xitoy, Koreya, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yaponiya sinovlari UzTest’nikidan mukammalroq, sifatliroq emasmi?”, — deya yozadi u.

Iqtisodchi yangi reglament iste’molchi manfaatlari hamda raqobatni rag‘batlantirishni ko‘zlagan holda o‘zgartirilishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan hujjatga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha:

  • jismoniy va yuridik shaxslar o‘z ehtiyojlari uchun yangi avtotransport vositalarini import qilganda muvofiqlikni baholash keskin qisqarishi va yumshatilishi zarur. Bu transport vositalarining sifati, xavfsizligi va muvofiqligi o‘sha iste’molchining o‘zi qabul qilgan xatari va mas’uliyati bo‘lishi kerak.
  • dilerlar yoki ishlab chiqaruvchining servis markazlarida sotish uchun olib kirilayotgan avtotransport vositalarining turini ma’qullash vaqt va pul jihatidan arzonlashishi lozim. Bu dilerning tranzaksion xarajatlari (vaqt, korrupsion va rasmiy to‘lovlar) iste’molchi bo‘yniga tushishining oldini oladi.
  • muvofiqlikni baholash bilan UzTest emas, balki xususiy sektor shug‘ullanishi kerak.

“Masalan, Qirg‘izistonda Qirg‘izTest'dan tashqari akkreditatsiyadan o‘tgan yana 17 ta xususiy markaz bor va ular faqat Bishkekda joylashmagan. O‘zbekistonda Qoraqalpoq yo Surxondan, Andijon yo Buxorodan Toshkentga monopolist cho‘ntakda muvofiqlikni baholash sinovlari uchun kelish bu absurd”, deya xulosa qildi Otabek Bakirov.

autodeklarant Telegram-kanali muallifi Azizbek Berdiyev Spot’ga bergan izohida shu paytgacha butun O‘zbekiston bo‘ylab import qilingan avtomobillarning faqat Toshkentdagi poligonda tekshiruvdan o‘tkazilishi bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarganini ta’kidladi.

“Masalan, kimdir Namanganda mashina import qilsa, uni shu hududdagi bojxona postida rasmiylashtiradi. Lekin u ikki oydan keyin Toshkentga kelib, poligonda tekshiruvdan o‘tkazishi kerak bo‘lardi. Qolaversa, mashina ND-40 rejimida rasmiylashtirilgani uchun uni boshqarish mumkin emas. Natijada, uni evakuator orqali Toshkentga olib borish, 15 daqiqalik tekshiruv o‘tgach, yana evakuatorga ortib ortga olib qaytishga to‘g‘ri kelardi. Bu esa kamida $200−300 miqdorida ortiqcha xarajatni keltirib chiqarardi”, — deya tushuntiradi u.

Azizbek Berdiyev UzTest poligonida yuzaga kelgan navbatlar turli muammolarni keltirib chiqarganini qayd etdi. Masalan, avgust oyigacha sinov uchun navbatlar ikki oydan ortiq davom etgan bo‘lsa, o‘tgan oyga kelib bu bir oygacha qisqargan. Navbatlar cho‘zilishi ortidan bojxona qonunchiligidagi avtomobilni 60 kun ichida ND-40 bojxona rejimidan IM-40 rejimiga o‘tkazish talabni bajarish imkonsiz bo‘lib qoldi.

Natijada, joriy yilning 22-iyuligacha avtomobilni belgilangan muddatda rasmiylashtirmaganlar uchun BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m) miqdorida jarimaga belgilanib kelingan. Biroq, undan keyin ushbu tartib yumshatildi va sertifikat olingan vaqtdan boshlab 3 kun ichida IM-40 rejimidagi deklaratsiyani taqdim etish mumkin bo‘ldi.

Bundan tashqari, Berdiyevning fikricha, mustaqil ravishda avtomobil import qiladigan jismoniy shaxslar uchun ayrim talablarning bekor qilinishi ularning tanlov imkoniyatini kengaytiradi.

“Masalan, kimdir $28−30 minglik mashina olib kelsa, poligon talablari sababli ikki oy davomida undan foydalana olmas edi. ND-40 rejimida mashinani haydash mumkin emasligi bois odamlar ko‘pincha rasmiy dilerlardan avtomobil xarid qilishga majbur bo‘lardi. Endilikda esa tanlov imkoniyati kengayadi”, — dedi u.

Shu bilan birga, u cheklovlar ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Jumladan, hozirda Bojxona kodeksining 96-moddasiga o‘zgartirish kiritish loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, bojxona rejimidagi avtomobillarni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish taqiqlanishi mumkin. “Hozirda ko‘plab firmalar mashinani o‘z nomiga olib kirib, keyinchalik boshqa shaxslarga o‘tkazib berishmoqda. Qonun loyihasi bilan bu amaliyot cheklanishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Berdiyev.

Bundan tashqari, u sinovlar Piskentdagi UzTest poligoniga ko‘chirilganiga hali bir yil bo‘lmasdan bu tartibning tugatilishi ham bir qator savollarni yuzaga keltirayotganini qayd etdi.

“Piskentdagi tekshiruv nega tashkil etildi-yu, nega bekor qilindi? Millionlab dollar kredit evaziga qurilgan laboratoriya taqdiri nima bo‘ladi? Kreditlar qaysi pullar evaziga yopiladi? Nega bu tekshiruv protokol orqali bekor qilinmoqda? Nega narxlarni maqbullashtirish topshirig‘i berilmoqda, axir narxni faqatgina bozorning o‘zi tartibga solishi kerak emasmi?”, — deya xulosa qildi u.