UzAuto Motors O‘zbekistondagi boshqa avtomobil brendlari bilan raqobatni ijobiy baholadi. Bu haqda kompaniya ijrochi direktori Odiljon Bastamqulov intervyuda aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil bozoriga BYD, Kia va Hyudai kabi brendlarning kirib kelishi UzAuto Motors uchun raqobat yaratdi. Bu avtomobil ishlab chiqaruvchini haydovchilarning ehtiyojlariga quloq solishga majbur qiladi.
Raqobat kuchayganiga qaramay, UzAuto Motors sotuvlar bo‘yicha “yaxshi ko‘rsatkichlarni” ko‘rsatmoqda. Ikkinchi chorakda kompaniya 79 mingdan ortiq mashina sotdi — bu birinchi chorakdan 17 mingtaga ko‘p.
“Men raqobatga ijobiy qarashim bor. U bir joyda turib qolishga imkon bermaydi va oldinga intilishga undaydi”, — dedi Bastamqulov.
UzAuto Motors avtomobil bozoridagi raqobatdan xavotirga tushmayaptimi, degan savolga javoban u qo‘shimcha qildi: “Biz raqobatdan cho‘chimaymiz, chunki mijozlarga yo‘naltirilgan faoliyatni yo‘lga qo‘yishga erishdik.”
Kompaniya ijrochi direktorining aytishicha, avtomobil ishlab chiqaruvchi o‘z takliflarini, jumladan, raqobatchilarining mashinalarini o‘rganish orqali tayyorlamoqda.
Avvalroq Spot UzAuto Motors 8 ta yangi avtomobil modelini taqdim etishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach hozirda ushbu modellar ishlab chiqilayotganini hamda yaqin orada taqdim etilishini ma’lum qildi.