UzAuto Motors Chevrolet Malibu XL LTZ avtomobili uchun kontraktatsiyani ochdi. Bu haqda kompaniya platformasidan ma’lum bo‘ldi.
Hozirda ushbu model uzavtosavdo.uz sayti hamda Telegramdagi @UzAvtoSavdo_bot'da mavjud. MALBDB 9AT LTZ modifikatsiyasi narxi 419 000 960 so‘mni tashkil etadi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi Malibu-2 avtomobili uchun onlayn shartnoma tuzish imkoniyati ochilishi haqida rasmiy ma’lum qilmagan.
Joriy yilning aprel oyi boshida UzAuto Motors Chevrolet Malibu, Traverse va Tahoe avtomobillari sotuvini vaqtincha to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi.
29-may kuni UzAuto Motors Chevrolet Malibu XL avtomobillari sotuvi qayta tiklanganini e’lon qildi. Oradan 42 daqiqa o‘tib, avtomobil ishlab chiqaruvchisi UzavtoSavdo onlayn platformasida Malibu XL avtomobillari uchun kontraktatsiya yakunlanganini ma’lum qildi. Biroq, kompaniya shartnoma natijalarini ochiqlamadi, ularni “korporativ sir” deb atadi.
18-iyun kuni avtomobil ishlab chiqaruvchisi Chevrolet Malibu-2 avtomobillari uchun to‘lov amalga oshirilmagan shartnomalarni sotuvga chiqardi. Biroq ularning soniga aniqlik kiritilmagan.
Avvalroq Spot UzAuto Motors 8 ta yangi model chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach hozirda ushbu modellar ishlab chiqilayotganini hamda yaqin orada taqdim etilishini ma’lum qildi.