Qatardan kelgan fuqaro 9 dona iPhone 17 Pro Max‘ni olib o‘tmoqchi bo‘lganda ushlandi. Bu haqda Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Toshkent xalqaro aeroporti umumiy uchib kelish zalida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Doha-Toshkent yo‘nalishida uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi bojxona nazorati zonasining “yashil” yo‘lagi orqali harakatlanganidan so‘ng to‘xtatildi.
Uning o‘zi va bagajlari ko‘zdan kechirilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan qiymati 230 mln so‘mlik jami 9 dona iPhone 17 telefonlari borligi aniqlandi.
Ular huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, bojxona surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, havo yo‘llari orqali kirib kelayotgan jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoj uchun 2 dona mobil qurilmalarni olib kirishlari mumkin. Ushbu qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart. Mazkur deklaratsiya mobil qurilmalarni UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazishda asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, joriy yilning 20-iyulidan kuchga kirgan tartib bilan havo yo‘llari orqali kirib kelayotgan yo‘lovchilar $1000 gacha qiymatdagi tovarlarni shaxsiy ehtiyoj uchun bojsiz olib kirishlari mumkin.
Avvalroq Apple yangi iPhone 17 smartfonlarini taqdim etgani haqida xabar berilgandi. iPhone 17 $799, iPhone Air $999, iPhone 17 Pro $1099, 17 Pro Max $1199 ga baholanib, sotuv 19-sentabrdan boshlandi.