Korzinka supermarketlar tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen uch yillik faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Pedersen bundan buyon oilasiga ko‘proq vaqt ajratish maqsadida shu qarorga kelgan. U rasman 30-sentabr kuni lavozimdan ketadi, biroq kelgusi oylarda majburiyatlarning samarali taqsimlanishini taʼminlash uchun maslahat berishda davom etadi.

Shuningdek, hozirda bosh direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Akmal Asadov Korzinka bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Kompaniya ushbu lavozimga yangi rahbar qidirmoqda. O‘tish davrida esa menejment jamoasi direktorlar kengashi raisi Zafar Hoshimov bilan birga boshqaradi.

Rud Pedersen Korzinka‘ni rivojlantirish uchun navbatdagi sarmoya jalb qilish raundini yakunlagach, boshqa mamlakatda yashovchi oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish uchun qulay fursat yetganini anglaganini qayd etdi.

2022-yilning sentabrida Rud Pedersen Korzinka’ning moliyaviy direktori lavozimiga tayinlandi. 2024-yilning yanvarida esa u tarmoqning yangi bosh direktori sifatida faoliyatini davom ettirdi.

Pedersen faoliyati davomida Korzinka 100 dan ortiq yangi do‘kon ochdi va $110 mln investitsiya jalb qildi. 2023-yilning kuzida qurilishi ma’lum bo‘lgan maydoni 49 ming kv.metrga teng A toifasidagi yangi taqsimlash markazi ishga tushirildi.

Korzinka’ga kelishdan oldin Rud Pedersen Rossiyadagi yirik “Лента” gipermarketlar tarmog‘ida moliyaviy direktor lavozimida faoliyat yuritgan. Undan avval esa Carlsberg Eastern Europe kompaniyasida moliyaviy direktor, beshta MDH davlatlarida kompaniyaning operatsion faoliyatiga rahbarlik qilgan.

Shuningdek, u Cadbury (Rossiya), AstraZeneca (Belgiya), Levi Strauss (Belgiya), IC Group (Daniya) va Deloitte (Daniya) kabi kompaniyalarda rahbarlik darajasida ish tajribasiga ega.

Rud Aarhus School of Business (Daniya) ning xalqaro biznes-boshqaruvi va korporativ huquq yo‘nalishida magistrlik darajasini olgan. Buyuk Britaniyadagi London Business School’ning EMBA dasturini tamomlagan.

Spot, avvalroq, Korzinka supermarketlar tarmog‘ining strategik hisobotiga tayanib 2024-yil boshida o‘zbekistonliklarning iste’mol faolligini pasaytirgani haqida yozgandi.