Rud Pedersen “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining yangi bosh direktori sifatida tasdiqlandi. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.

Pedersen 2022-yilning avgust oyida kompaniyada moliyaviy direktor sifatida ish boshlagan va “Korzinka"ning moliyaviy boshqaruv transformatsiyasi uchun mas’ul bo‘lgan.

U 2024-yildan boshidan bosh direktor sifatida operatsion faoliyat va strategiyani amalga oshirish ishlariga javob beradi.

“Rud nafaqat kompaniyani boshqarish uchun juda ham zarur tajribaga ega, balki, “Korzinka” uchun ustuvor qadriyatlarga ham sodiqdir. Aminmanki, undagi yangi qarashlar, shaxsiy sifatlar va malaka “Korzinka"ga yangi cho‘qqilarga chiqish va odatdagidan yaqinroq bo‘lishda davom etishida yordam beradi”, -deya ta’kidladi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi va Direktorlar kengashi raisi Zafar Hoshimov.

Avval bosh direktor vazifasini bajargan Akmal Asadov o‘z faoliyatini bosh direktor o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.

So‘nggi uch yil davomida Rud Pedersen Rossiyadagi yirik “Лента” gipermarketlar tarmog‘ida moliyaviy direktor lavozimida faoliyat yuritgan.

Undan avval esa “Carlsberg Eastern Europe” kompaniyasida moliyaviy direktor sifatida, beshta MDH davlatlarida kompaniyaning operatsion faoliyatiga rahbarlik qilgan.

Shuningdek, u “Cadbury” (Rossiya), “AstraZeneca” (Belgiya), “Levi Strauss” (Belgiya), “IC Group” (Daniya) va “Deloitte” (Daniya) kabi hududiy kompaniyalarda rahbarlik darajasida ish tajribasiga ega.

Rud “Aarhus School of Business"(Daniya)ning xalqaro biznes-boshqaruvi va korporativ huquq yo‘nalishida magistrlik darajasiga ega.

Shu bilan birga, u Buyuk Britaniyadagi “London Business School"ning EMBA dasturini tamomlagan.