Prezidentning 26-sentabrda qabul qilingan farmoni bilan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilandi. (Hujjat nusxasi Spot’da bor).
Unga ko‘ra, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan 2026−2027-yillarda 4 trln so‘m mablag‘ taqdim etiladi. Taʼkidlanishicha, shu orqali 5 mingta tadbirkorlik loyihalari amalga oshiriladi.
2025-yil 1-noyabrdan kompaniya tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi.
Jumladan, tadbirkorlarni “chempion” tadbirkor toifasiga olib chiqishga ko‘maklashish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga banklar orqali 10 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratish uchun resurs joylashtiriladi.
Shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi mikroloyihalariga 500 mln so‘mgacha ajratilgan kreditlar qayta moliyalashtiriladi. Kredit foizi 6% gacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkagacha kamaytiriladi.
Mablag‘lar kamida 1 yil faoliyat yuritgan va 2 nafar xodimi bo‘lgan tadbirkorlarning 5 ta va undan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutgan loyihalariga taqdim etiladi.
1-dekabrdan kompaniya tomonidan qo‘shimcha ravishda kafolat yoki kafillik taqdim etiladi. Uning sharti quyidagicha:
- yirik tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50% idan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
- o‘rta va yirik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga aylanmadan kelib chiqib, 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;
- kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega tadbirkorlarga kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;
- garov ta’minoti bo‘yicha taqchillikni bartaraf etish uchun barcha tadbirkorlarga kredit, lizing, bank kafolati hamda akkreditivlarga.
Farmon bilan, kompaniya muassisligida AJ shaklida Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi nobank kredit tashkiloti tashkil etiladi.
Jamiyat o‘z faoliyatini noyabrdan boshlashi rejalashtirilgan. Unga qadar Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kafolat yoki kafillik berishda davom etadi. Kompaniyaning “xizmatlar ipotekasi” va “ustav kapitaliga ulush kiritish” moliyaviy instrumentarini tadbirkorlarga taqdim etish vakolati TRK Invest korxonasiga o‘tkaziladi.
2026-yildan olis hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta tadbirkorlarga ajratilgan kreditlarning mos ravishda 1,5 mlrd so‘mgacha va 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismini Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% lik punkt yuqori stavkasigacha qayta moliyalashtirish orqali kompensatsiya taqdim etiladi.
Bunda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning aʼzolari tadbirkorlarda band bo‘lgan xodimlarning kamida:
- 5 nafarini tashkil qilganda — 2% gacha;
- 10 nafarini tashkil qilganda — 4% gacha;
- 20 nafarini tashkil qilganda — 6% gacha miqdorda qayta moliyalashtiriladi.
Avvalroq soliq hisobotini vaqtida taqdim etmagan 50 mingdan ortiq tadbirkor jarimadan ozod etilgani haqida xabar berilgandi.